Har bir davlat o`z fuqarolari bilan munosabatga kirishar ekan, alohida huquq va majburiyatlarga ega bo`ladi. Ya`ni, davlat ham, fuqaro ham o`ziga xos huquqlarga va majburiyatlarga ega.
Masalan, davlat fuqarolar uchun xavfsizlik, farovonlik, tinchlik va yaxshi hayot kechirish uchun shart-sharoitlar yaratib berish kabi majburiyatlarga ega bo`lsa, fuqarolar qonunlarga bo`ysunish, burch va majburiyatlarni bajarish kabi mas`uliyatni o`z zimmasiga oladi.
Yangi tahrirdagi konstitusiyada ushbu prinsiplar alohida belgilanyapti. Bunda asosiy urg`u insonning huquq va erkinliklariga qaratilmoqda.
Masalan, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo`llaniladigan huquqiy ta`sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanadi, deyilyapti. Bu nima degani? Bunda ham jazolash yoki boshqa ta`sir ko`rsatishning chegarasi insoniylikka borib taqaladi.
Aytaylik, shaxs tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqchi, lekin u davlat ro`yxatidan o`tish bosqichlarini qilmasdan yoki ruxsat beruvchi hujjatlarni olmasdan ish boshladi. Bunday holat uchun yaqin yillargacha uning faoliyati tugatilgan yoki to`xtatib qo`yilgan. Biroq bugungi kunda unga o`zi sodir etgan huquqbuzarlik tushuntiriladi, ruxsat beruvchi yoki lisenziya hujjatini olish uchun muayyan vaqt beriladi. Bundan ko`zlangan maqsad ham qonun ustuvorligini ta`minlash, ham bitta tadbirkorni saqlab qolish. Mana shu mutanosiblik prinsipi, mana shu maqsadga erishish uchun etarli bo`lgan chora hisoblanadi.
Yana shuni alohida qayd etish kerakki, davlat bilan inson o`rtasidagi o`zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi, deb belgilanmoqda. Chunki bunday holatda davlat mas`uliyatni o`z zimmasiga olmasa insonga jabr bo`lishi, zarar etishi mumkin. Bunda xoh u moddiy ziddiyat bo`lsin, xoh nomoddiy, qat`i nazar davlat o`z fuqarosining foydasiga mas`uliyatni o`ziga oladi.
Davlat va fuqaro bir biri oldida mas`ul bo`lmasa ko`zlangan maqsadga erishib bo`lmaydi. Fuqarolar o`z majburiyatlarini sidqidildan bajarsa qudratli davlat barpo etiladi, o`z navbatida davlat majburiyatlarini to`liq bajarsa aholi farovon yashaydi.
Bundan tashqari Konstitusiyamizga har qanday vaziyatda dastlab xalqni aybdor deb hisoblashga oid eskicha qarashlarni parchalaydigan yangi norma kiritilmoqda. Ya`ni endilikda davlat bilan yuzaga kelgan qonunchilikdagi zaddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal qilinadi.
03.03.2023 18:49
Yangi tahrirdagi konstitusiyada asosiy urg`u insonning huquq va erkinliklariga qaratilmoqda






