Metropoliten yo`lovchilari uchun yangi to`lov tizimi joriy etildi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Endilikda yo`lovchilar “ATTO” mobil ilovasidagi NFC kategoriyasi orqali to`lovlarni amalga oshirishi mumkin bo`ladi. Bunda ilovaning operasion tizimi va u bilan to`lash mumkin bo`lgan qurilma orqali plastik kartalarsiz onlayn to`lov amalga oshiriladi.
Ma`lumotlarga ko`ra, qurilma Toshkent metropolitenining “Buyuk ipak yo`li” bekatida o`rnatilgan bo`lib, undan iOS operasion tizimida ishlovchi telefonlar orqali foydalanish mumkin.
Qurilmani “Chilonzor”, so`ng bosqichma-bosqich barcha metro bekatlarida joriy qilish rejalashtirilgan.
Oldin faqat Android qurilmalari orqali NFC to`lovni amalga oshirish mumkin edi. Endi iOS tizimi orqali to`lash imkoniyati mavjud. Bunda ikki va undan ko`p marotaba to`lovni amalga oshirish mumkin, — deydi “ATTO” texnik mutaxassisi Azizbek Karimov.
Ushbu qurilmalar NFC modul deb nomlanmoqda. iOS tizimidan farqli ravishda Android qurilmalari orqali NFC to`lov odatiy yashil validatorlar orqali amalga oshiriladi.