So`nggi uch yil davomida Ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig`i lavozimida general-mayor Shuhratjon Sobirov Interpolning O`zbekistondagi Milliy markaziy byurosi boshlig`i etib tayinlandi. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Muqaddam Andijon viloyati IIB boshlig`i bo`lib ishlagan Shuhratjon Sobirov ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosarligidan Toshkent IIBB rahbarligiga o`tkazilgan Aziz Toshpo`latov o`rnini egallagandi.
O`zbekiston prezidentining 2023 yil 22 fevraldagi qaroriga asosan polkovnik Shavkat Rahmonov Po`lat Bobojonovning birinchi o`rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig`i lavozimida ish boshlagan, biroq Shuhratjon Sobirovning keyingi faoliyati haqida ma`lumot berilmagandi.
2021 yildan buyon Interpolning O`zbekistondagi Milliy markaziy byurosiga polkovnik G`anijon Alimuhammedov rahbarlik qilib kelayotgandi.






