Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, muqaddam firibgarlik jinoyati bilan sudlangan, Samarqand shahrida yashovchi 35 yoshli jinoiy guruh rahbari MChJ tashkil etgan. U jamiyatga 24-25 yoshli qizlarni ishchi sifatida yollagan. Ularning rejasiga muvofiq, uyushgan guruh a`zolarini MChJning Samarqand hamda Jizzax shahridagi filiallariga mas`ul shaxs etib tayinlagan.
Go`yoki ular o`zini Green Card'dan yutuq chiqqan qiz sifatida tanishtirib, pullarni qo`lga kiritgan va pullarni guruh rahbariga etkazib turishgan.
Jabrlangan fuqaroning aytishicha, guruh rahbari Green Card yutgan qizlar bilan nikoh guvohnomasi qildirib, viza olish uchun barcha hujjatlarni to`g`rilab berishni va`da qilgan.
Qolaversa, yutuq chiqmagan fuqarolarga yutuq chiqqanini aytib, qarz shartnomasi, xizmat ko`rsatish shartnomasi va shunga o`xshash soxta shartnomalarni tuzgan. Fuqarolarga aviachipta olib berish, AQSh elchixonasidan viza olish uchun qo`lga kiritilgan pullarni MChJning hisob raqamiga kirim qilgani to`g`risida soxta taklifnomalar ko`rsatgan.
Jinoiy guruh jizzaxlik 19 nafar, samarqandlik 45 nafar jabrlanuvchilarning jami 4 mlrd so`mini qo`lga kiritgan va o`z manfaatlari yo`lida ishlatib yuborgan.
Ushbu holat JIB Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisida ko`rib chiqildi. Guruh a`zolarining ayrimlariga nisbatan 9,9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, jinoiy guruhdagi 3 nafar qiz esa 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.






