Bugun, 7 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitusiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga mas`ul bo`lgan — Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitalarining qo`shma yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda yangilanayatgan Konstitusiya loyihasini takomillashtirish bo`yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko`rib chiqildi.
Ma`lum qilinishicha, umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan, takliflarning har to`rttasidan bittasi loyihadan joy olgan.
Konstitusiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitusiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda, Konstitusiyaning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko`paymoqda, ya`ni amaldagi Konstitusiya 65 foizga yangilanmoqda.
Ta`kidlanishicha, aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, ya`ni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish bilan bog`liqdir. Shundan kelib chiqib, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi bo`lmish parlamentning rolini va o`rnini, mas`uliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar loyihaga kiritilgan.
Parlament faoliyati bilan bog`liq konstitusiyaviy islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari qayta ko`rib chiqildi. Bunda, Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari hamda har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas`uliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda. Ya`ni, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatniki esa 14 tadan 18 taga ko`paytirilmoqda.
Shuningdek, ilg`or xorijiy tajribadan kelib chiqib, hududiy manfaatlarni ifodalovchi organ sifatida Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko`maklashish kabi muhim vakolat Bosh qomusimizda mustahkamlab qo`yilmoqda.
Qizg`in ruhda o`tgan yig`ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror va “O`zbekiston Respublikasi referendumi to`g`risida”gi Qonunga muvofiq mas`ul qo`mitalarning xulosasi qabul qilindi.






