Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent—Moskva yo`nalishida uchgan samolyot Vnukovo aeroportiga qo`ndirilgan. Samolyot qo`nganidan keyin 210 nafar yo`lovchi 4 soat davomida bortda qolib ketgani aks etgan video tarqaldi.
Mahalliy aeroport avtobus ajratishdan bosh tortgan, biroz vaqt o`tib bortda mushtlashuv boshlangan.
"Uzbekistan Airways" Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, 7 mart kuni HY-601 Toshkent – Moskva yo`nalishidagi aviaqatnovi havo kemasi Domodedovo aeroportining ob-havo sharoiti (uchish-qo`nish yo`lagining holati xavfsiz qo`nishni amalga oshirish uchun zarur talablarga javob bermaganligi) sababli Vnukovo xalqaro aeroportiga majburiy qo`nishni amalga oshirgan.
Aviaqatnov havo kemasi sardori yo`lovchilarga yo`nalish Vnukovo muqobil aeroportiga o`zgargani haqida ma`lumot bergan.
Ob-havo yaxshilangani va havo kemasi Domodedovo xalqaro aeroportiga uchib ketishga tayyor bo`lganidan so`ng, ekipaj parvozga tayyorligini e`lon qilgan. Shu payt havo kemasi bortidagi ayol o`zini yomon his qilgani ma`lum bo`lib, ekipaj shifokorlarni chaqirishga majbur bo`lgan. Bu esa uchib ketish vaqtining kechikishiga ta`sir qilgan. Shu paytda Domodedovo xalqaro aeroportidagi ob-havo yana keskin yomonlashadi va bu keyingi kechikishga olib keladi.
Keyinchalik havo kemasidagi barcha 210 yo`lovchini Vnukovo xalqaro aeroportiga tushirish to`g`risida qaror qabul qilingan.






