Turkiya Rossiya tomonining Suriya bo`yicha kelasi hafta Moskvada o`tkazilishi rejalashtirilgan ishchi uchrashuv bo`yicha tashabbusini qo`llab-quvvatladi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho`g`li Anqarada eronlik hamkasbi Husayn Amir Abdullohian bilan o`tkazgan qo`shma matbuot anjumanida aytib o`tdi, deya xabar bermoqda "Anadolu" AA.
Uning so`zlariga ko`ra, Turkiya, Rossiya Federasiyasi, Bashar al-Asad rejimi va Eron ishtirokida Suriya masalasi bo`yicha to`rt tomonlama muhokamalar rejalashtirilgan. Turkiya vazir o`rinbosari darajasida vakillik qiladi, dedi turk vaziri.
U Moskvada bo`lajak yig`ilish ishtirokchilari tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchrashuvga zamin yaratishini ta`kidladi.
Chavusho`g`li Suriyadagi vaziyatga to`xtalar ekan, BMT bu davlatga insonparvarlik yordamini uzluksiz etkazib berishni davom ettirayotganini ta`kidladi.
“Fevral oyidagi zilzilalar ortidan Turkiya Suriyaga gumanitar yordam olib ketayotgan samolyotlar uchun havo hududini ochdi. Turkiyaning quruqlik chegarasi orqali insonparvarlik yordamini etkazib berishda ham yordam beramiz. Turkiya-Suriya chegarasidan gumanitar yordam yuklangan 475 yuk mashinasi allaqachon falokat hududiga o`tib ketgan”, — dedi vazir.
Chavusho`g`li Turkiyaning qardosh Suriya xalqi muammolariga befarq emasligini va bundan keyin ham shunday bo`lishini ta`kidladi.