Avval xabar qilganimizdek, kecha, 7 mart kuni Sirdaryo tumaninidagi “Qolgansir“ davlat o`rmon ov xo`jaligi er maydonida yong`in sodir bo`ldi.
Yong`in yuzasidan Tabiat resurslari vazirligining Sirdaryo viloyati boshqarmasi va tegishli mutasaddi tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, o`rganish ishlari olib borildi. O`rganish davomida ”Qolgansir“ davlat o`rmon ov xo`jaligiga qarashli jami 10 gektar er maydoni yongani ma`lum bo`ldi.
Shundan 2 gektar er maydonidagi mavjud manzarali daraxtlar tegishli tartibda xatlovdan o`tkazilib, jami 4 turdagi 294 dona manzarali daraxtlar o`sishdan to`xtash, 4 turdagi 217 dona manzarali daraxtlar esa o`sishdan to`xtamaydigan darajada shikastlanganligi aniqlandi. O`simlik dunyosiga etkazilgan zarar hisoblanganda 494 million 940 ming so`mni tashkil etdi.
Yong`inning kelib chiqishiga ”Sholikor“ va ”Sindorobod" SIU hududida faoliyat olib boruvchi 35 nafar fermer va dehqon xo`jaliklari tomonidan sholidan bo`shagan er maydonidagi o`simlik qoldiqlarining yoqib yuborilganligi sabab bo`lgan va buning natijasida jami 311.7 gektar dala er maydoni yongan.
Yong`in oqibatida erning unumdor qatlamidagi ball boniteti pasayishiga sabab bo`lgan holatlar bo`yicha dastlabki hisob-kitoblar qilinib, 295 million 627 ming so`m zarar miqdori belgilandi.
Yuqoridagi holatlar bo`yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilmoqda.
Holat yuzasidan qo`shimcha axborot berilishi ma`lum qilinadi






