Qashqadaryo viloyati Koson tumanida joriy yilning 20 yanvar kuni tug`ish uchun o`z oyoqlari bilan yurib borgan ayol bolasi bilan o`lik holda uy egalariga qaytarilgani haqida ayolning turmush o`rtog`i tomonidan ijtimoiy tarmoqqa yuklangan murojaat jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo`ldi.
Murojaatda sog`lom, oyog`i bilan yurib borgan onaning uyga o`ligini olib kelishgani, tug`uruqxonadagi UZI apparati ham bola sog`lom deb ma`lumot bergani, bugun esa bir oila ayolsiz, farzandlari onasiz, ham farzandsiz qolgani qayg`u bilan ta`kidlanadi.
Ayolning turmush o`rtog`i tuman tug`uruqxonasi shifokorlari aybi bilan ona va bola o`limi sodir bo`lganini iddao qiladi.
Xo`sh, tug`uruqxonaga sog`lom borgan ayol nima sababdan vafot etgan? Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O`zA Koson tumani tibbiyot birlashmasiga borib, vaziyatni o`rgandi.
– Haqiqatdan ham joriy yilning 21 yanvar sanasida Beshqo`ton MFYda yashovchi fuqaro tuman markazidagi tug`uruqxonaga kelgan. Afsuski, o`sha kuni kechasi vafot etgan, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`ining onalik va bolalikni muhofaza qilish ishlari bo`yicha o`rinbosari Diyor Sanaqulov. – Ushbu holat bo`yicha tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan ishchi guruh tuzilgan va holat o`rganilgan. Yo`l qo`yilgan kamchiliklar uchun shifokorlar jazolangan. Bundan tashqari, tegishli organlar tomonidan ham ushbu masala o`rganilmoqda va kerakli xulosalar chiqariladi. Ilgari bunday holat kuzatilmagan bu birinchisi. Tug`uruq kompleksida barcha sharoitlar yaxshi. Mutaxasislar tajribali. 2017 yilda tug`uruq kompleksi joriy ta`mirlangan va etarli zamonaviy jihozlar bilan ta`minlangan. Favqulodda holatlarda jarrohlik amaliyotlarini to`liq bajarishga sharoitlar etarli.
Mas`ulning fikrlaridan anglashiladiki, tug`uruq kompleksida hamma sharoit bor. Mutaxassislar ham tajribali. Unda kamchilikka yo`l qo`ygan shifokorlar jazolandi, degan gap dastlabki fikrlarga zid keladi. Demak o`sha kuni haqiqatda shifokorlar qaysidir ma`noda xatoga ham yo`l qo`ygan. Har holda mas`ulning fikri buni tasdiqlamoqda.
Tuman tug`uruq kompleksida o`sha kuni marhum bilan bog`liq jarayonda qatnashgan birorta shifokor topilmadi. Hatto operasiyada qatnashgan orastabon ham muxbirlardan yashirindi. Balki ko`rsatishni istashmadi. Bemorning kasallik tarixini ham prokuratura olib ketgani aytildi. Xullas, hech bir iz yo`q. Ushbu holat yuzasidan tug`uruqxonaning genekologiya bo`limi boshlig`i Maryam Ro`zieva bilan suhbatlashildi.
– O`sha kuni bemor kunduzgi soat 10 larda kelgan, – deydi M.Ro`zieva. – Bemorda kamqonlikning o`rta og`ir darajasi aniqlangan. Tug`ishga tayyor bo`lmagani uchun kutilgan. Hamma muolajalar qilingan. Tug`ish jarayoni soat beshlarda boshlangan. Bachadon to`liq ochilgandan keyin tug`ishga qo`yilgan. Bolasi kattaroq bo`lgani va bola boshi sal qiyshiq tushgani uchun tug`ishi vaziyatga qarab yana kutilgan. Tug`a olmagach operasiyaga olishga to`g`ri kelgan. Bu jarayonda bachadondagi qon tomirlari qochib ketishi natijasida ichki qon ketishdan bemorning ahvoli og`irlashgan. Ko`rilgan barcha muolajalarga qaramay ayol va bolasi vafot etgan. Albatta bu holat mingta bemordan bittasida kuzatiladi. Shifokorlarimiz qo`lidan kelgancha harakat qilgan.
Keyingi manzili marhuma yashagan Beshqo`ton MFYdagi 19-sonli oilaviy poliklinika bo`ldi. U erda marhumaning tibbiy kartasi bor yo`qligi bilan qiziqildi. Ammo tibbiy karta ham organ xodimlari olib ketgani bois topilmadi. Lekin marhumaga hayotlik chog`ida biriktirilgan doya bilan suhbatlashishga muvaffaq bo`lingan.
– Marhuma 1990 yilda tug`ilgan va o`tgan yilning avgust oyida homilasining 13-14 haftaligida poliklinikamizga kelgan, – deydi 19-son oilaviy poliklinika doyasi Nargiza Abdullaeva. – Tibbiy ko`riklardan vaqtida o`tib turgan. O`tgan davr mobaynida skrining markaziga ikki marta borib kelgan. Sog`ligi yaxshi edi. Homiladorligi doimiy nazoratda bo`lib tibbiy kartasiga yozib borilgan. Tekshiruvlarda ahvoli yaxshi chiqqan. Xullas tug`ishgacha bo`lgan jarayonda hech qanday kasalliklari aniqlanmagan.
Marhuma yashagan xonadonda uch nafar norasida farzandi bilan bo`zlab qolgan yosh ota Faxriddin Berdiev bilan suhbatlashilgan.
– 20 yanvar kuni oilamni sog`lom holatda tuman markazidagi tug`uruqxonaga olib bordim, – deydi u. – Ko`rishdi. Hali vaqti bor deyishdi. Olib chiqib UZI apparatiga tekshirtirdim. Apparatchilar ham uch soatlar vaqti bor deyishdi. Mashinamda vaqti kelguncha olib o`tirdim. Soat tushdan keyingi uchlarda tug`uruqxonaga kiritdim. Soat beshlargacha dardini kelishini kutib uni ushlab turishdi. O`sha vaqtda xotinimning oldiga kirib bordim. Ayolim qora terga tushib ketgan edi. Qo`limdan ushlab “dadasi menga yordam bering o`lib qolaman” dedi. Uning og`zidan oxirgi eshitgan gapim ham shu bo`ldi. Ko`tarib ikkinchi qavatga operasiya xonasiga olib chiqdim. Keyin menga qog`oz to`la dorilar ro`yxatini berishdi. Shuni olib keling deyishdi. Chopganimcha dorixonaga ketdim. Uzundan uzoq ro`yxatdagi dorilarni topib joylab bergunicha yarim soatdan ko`proq vaqt o`tdi. Kelgunimcha, tug`dirish uchun vaakum apparati qo`shib, bolani o`ldirib qo`yishgan. Vaakum qo`shgan vaqtida bachadondagi suyuqlik to`kilib ketgan va bola quruqlikda qolib halok bo`lgan. Keyin operasiyaga olib kirib ketdi. Har soatda bolam tug`ildimi, deb so`rayman. O`zimiz xabar beramiz deb chiqarib qo`yaverdi. Shu alfozda soat kechki 9 bo`ldi. Mahallamiz shifokoridan telefon keldi va u bolangiz o`ldi deyishyapti kirib biling qani, dedi. Yana ichkariga kirdim. Operasiya tugasa o`zimiz xabar beramiz, deya yana chiqarib qo`yishdi. Birozdan so`ng chaqirib qon kerak deyishdi. Qon izlab qarindosh urug`larni chaqirdim. Ular bilan ichkariga kirib borsak, ayolimni o`ldirib sun`iy havo berib qo`ygan ekan. Lekin hali o`lgani yo`q dedi. Ammo unda hayot alomatlari sezilmasdi. Doktorlar bilan savol javob qildik. “O`zlaring bolani o`ldirib kelgansizlar, qanday qilib tiriltirib beraman” dedi. Qo`limda UZI qog`ozi bor edi, shuni ko`rsatdim. Shu paytda IIBdan, prokuraturadan, Milliy gvardiyadan vakillar kelib hammasi qoravullik qildi. Doktorlarning hammasi ketdi. Bitta hamshira bilan operasiya qilgan bitta shifokor qoldi. Tonggi 3-3,5 larda uchastkavoy meni chaqirdi. Doktorni oldiga kirdim. Endi bardam bo`ling ayolingiz o`ldi dedi. Qo`limga soppa-sog`lom ayolimni o`ldirib berishdi. Bo`lgan voqea shu.
Erning qo`lida o`sha kuni marhuma tushgan UZI qog`ozining nusxasi bor. Qog`ozda bolaning yurak urishlari, holati haqida ma`lumotlar qayd etilgan edi.






