AsosiySalomatlik

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bir yilda 200 dan ziyod buyrak va jigar transplantasiyasi amalga oshirildi

'Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bir yilda 200 dan ziyod buyrak va jigar transplantasiyasi amalga oshirildi'ning rasmi

Yiliga 200 dan ziyod buyrak va jigar transplantasiyasini bajarish yo`lga qo`yilgan muassasa

Bugun yurtimizda shoshilinch tibbiy yordam xizmatini rivojlantirish, sohaga innovasion diagnositka va davolash usullarini tatbiq etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.  

Bunda so`nggi 6 yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish bo`yicha Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan 6 ta farmon va qaror huquqiy asos bo`lib xizmat qilyapti.  

Markaz bosh direktori Davron To`laganovning aytishicha, o`tgan yili tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul bo`limida yangi “Emergency Department” tuzilmasi tashkil etilib, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni qabulxonaning o`zida ko`rikdan o`tkazish va eng zarur yordamlar ko`rsatish yo`lga qo`yildi.

Qolaversa, Tez tibbiy yordam xizmati alohida tizim sifatida shoshilinch tibbiy yordam tarkibidan ajratildi.

Yuqori salohiyatga ega markazda hozir 9 ta ilmiy grant loyihasi amalga oshirilmoqda. 12 ta yo`nalishda klinik ordinatura dasturlari va Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi 8 ta kafedrasi faoliyat yuritmoqda.

Bu erda 2022 yili 75 o`rinli yuqori texnologik yangi xirurgiya majmuasi barpo etilib, to`liq jihozlandi. Prezidentimiz ushbu muassasaga tashrifi chog`ida kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.  

Bino to`liq quvvatda ishga tushirilgach, kardioxirurgiya bo`limida yiliga 700 dan ortiq ko`tariluvchi aorta va yurak klapanlarni protezlash, ko`p tomirli aorto-koronar shuntlash operasiyalarini o`tkazish imkoniyati paydo bo`ladi.

Bundan tashqari, hududlarda Jahon bankining kredit mablag`lari hisobiga jihozlangan 39 ta tumanlararo qo`shma shikastlanishlar va o`tkir yurak-qon tomir markazi tashkil qilinishi natijasida bemorlarni yuqori texnologik yordam ko`rsata oladigan muassasaga olib borish radiusi o`rtacha 40-70 km.dan 15-25 km.gacha qisqardi.  

Natijada tumanlar miqyosida shoshilinch holatlar bo`yicha o`lim ko`rsatkichlari va tuman tibbiyot birlashmalaridan viloyat markazlariga bemorlarni tashish darajasi sezilarli darajada kamaydi.  

Etiborlisi, 2023 yil yakunigacha yana 9 ta ana shunday tumanlararo markaz qurilishi rejalashtirilgan.

Markazning transplantologiya bo`limida yiliga 200 dan ziyod buyrak va jigar ko`chirib o`tkazish amaliyotlarini bajarish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

Neyro-qon tomir xirurgiyasi bo`limida bosh miyaning qon tomir nuqsonlarini xirurgik davolash natijasida yiliga 200 nafardan ziyod og`ir nogironlikka mahkum bo`lgan bemorlarda noyob amaliyotlar bajariladi.

Intervension muolajalar bo`limida har yili qo`shimcha 1000 dan ziyod o`tkir koronar sindrom, bosh miya qon aylanishining o`tkir buzilishida yuqori darajadagi minimal invaziv diagnostika va davolash muolajalari amalga oshiriladi.

️Binobarin, shu yil markazda jigar transplantasiyasini yo`lga qo`yish rejalashtirilgan.

2024 yildan boshlab esa muassasada Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining ikkita yo`nalish bo`yicha klinik ordinatura dasturi boshlanishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar