AsosiyJamiyat

Toshkentda 28 yoshli yigit "stoyanka"da turgan birovning mashinasini sotib yubordi

'Toshkentda 28 yoshli yigit "stoyanka"da turgan birovning mashinasini sotib yubordi'ning rasmi

Toshkentda 28 yoshli yigit uylar oldida joylashgan avtomashinalar turargohida “VAZ 21-05” rusumli trasport vositasi qarovsiz qoldirilganidan foydalandi, ya`ni o`ziga tegishli bo`lmagan mashinani sotib yubordi.  Toshkent shahar sudi matbuot xizmati "darakchi.uz"ga mazkur holat yuzasidan bo`lib o`tgan sud ishi haqida xabar bedi. 
Ma`lum qilinishicha, sudlanuvchi mashinaning old va orqa tomondagi davlat raqam belgilarini shikast etkazgan holda echib olib, turargoh yonida bo`lgan ariqqa tashlab yuboradi.  

— Avtoturargohda o`zimga tegishli bo`lgan, 2010 yilda ishlab chiqarilgan "VAZ 21-05" rusumli transport vositasini qoldirgandim. Ushbu avtomashinadan bir yarim yildan buyon foydalanmaganman. Voqea sodir bo`lgan kundan bir kun oldin ertalab avtoturargohning oldidan o`tayotganimda avtomashina joyida turganligini ko`rgandim. Ertasiga avtomashina yo`q-da. Avtoturargoh qorovulxonasiga borib so`raganimda “bu erga yaqinda keldim, 20 daqiqalarda aniqlab aytaman”, deganicha xabar bo`lmadi. So`ng "102" raqamiga qo`ng`iroq qildim, - deydi hozirda avtomashinasi o`ziga qaytarilgan jabrlanuvchi.

Sudlanuvchi ikki xaridor topib, ularga “trasport vositasining egasi vafot etgani bois yaroqsiz holatga kelgan”, degan yolg`on bilan 560 AQSh dollari evaziga sotib yuborgan.  

Sudda sudlanuvchi so`roq qilinganida o`z aybiga to`liq iqror ekanini bildirdi. 

— O`sha kuni oilaviy janjal sabab uydan chiqib ketdim. Bir do`stimdan vaqtincha yashab turish uchun joy so`radim. U o`zining tanishiga tegishli bo`lgan avtomashinalar turargohining qorovulxonasidan joy topib berdi. Qorovulxonaga joylashdim. Avtoturagohda turgan "VAZ-21-05" rusumli avtomashinaning egasini surishtirganimda egasi kimligini hech kim bilmasligini aniqladim. Shunda bu avtomashinani sotish maqsadida xaridor izladim. E`lon bo`yicha bir xaridor qo`ng`iroq qildi. Unga “eski avtomashina bor, egasi vafot etgan, jarima maydonidan o`n million so`m qarzi bor”, deya avtomashinani sotib olishni taklif qildim. Ertasi kuni xaridor menga notanish shaxs bilan birga avtoturargohga kelishdi. Ularga avtomashinani ko`rsatdim, hujjatlarini so`rashdi. Egasi vafot etgani sababli hujjatlari yo`qligi, shu avtoturargohda qorovul bo`lib ishlashimni aytdim. Xaridorlar 560 AQSh dollariga sotib olishdi va evakuatorga avtomashinani yuklab olib ketishdi. Oradan bir-necha kun o`tib, qorovulxonada bo`lgan vaqtimda bir rus millatiga mansub shaxs kelib, "VAZ-21-05" rusumli avtomashinaning egasi ekanini aytib, avtomashina qaerda ekanligini surishtira boshladi. “Yaqinda ish boshladim”, deya qorovulxonadan chiqib ketdim, - deydi avtomashina sotuvidan topgan pullarni o`z ehtiyojlari uchun ishlatgan sudlanuvchi.

Abror Saidov, jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi raisi

— Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 2-qismining «g» bandi va 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast etkazish yoki ularni yashirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 4 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  

Sudlanuvchidan manfaatdor taraflarga etkazilgan moddiy va ma`naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi. Ish bo`yicha ashyoviy dalil deb e`tirof etilgan davlat raqami qonuniy egasiga qaytarilishi belgilandi.  

 

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar