Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyatining Chinoz tumanida bir guruh yoshlar xotira byusti ustiga chiqib, g`ayriijtimoiy harakat qilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIBB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 18-19 yoshlar orasidagi 5 nafar yigit 2 mart kuni soat 19:00 larda Chinoz tumanidagi O`zbekiston Respublikasining birinchi mexanizator ayoli Tursunoy Oxunovaning xotira byusti ustiga chiqib, u erda turli harakatlar qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qo`pol ravishda buzgan. Shundan so`ng ularning shaxsi aniqlanib, tuman IIBga olib kelingan.
IIB xodimi tomonidan o`tkazilgan profilaktik suhbat davomida ularga ushbu xatti-harakatlari huquqbuzarlik ekanligi, jamiyatda yurish turish qoidalarini mensimaslik, qolaversa, o`z davrining qahramoni, nafaqat tuman, balki Toshkent viloyati faxri bo`lgan bunday shaxs xotirasiga hurmatsizlik qilish ham noto`g`ri ekanligi tushuntirilgan.
Ularning ikki nafari nufuzli oliy ta`lim muassasasi talabasi. Hozirda mazkur holat yuzasidan to`plangan hujjatlar mazmunan ko`rib chiqish uchun sud organiga yuborilmoqda.






