Ayni paytda O`zbekiston Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tmoqda. Unda O`zbekiston Respublikasining referendumiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir tashkiliy masalalar, shu jumladan referendumga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish kalendar rejasini tasdiqlash, referendum okruglarini tuzish va boshqa masalalar ko`rib chiqilmoqda.
Majlisda MSK a`zosi Adham Ibodullaev referendum uchun davlat byudjetidan qancha mablag` ajratilganini aytdi.
"Markaziy saylov komissiyasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda O`zbekiston Respublikasining "Referendum to`g`risida"gi qonun talablariga rioya qilgan holda, O`zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq xarajatlar smetasini 182 mlrd 386 mln so`m miqdorida ishlab chiqdi.
Mazkur xarajatlar smetasi davlat byudjetida belgilangan mablag`lar doirasida shakllantirildi va o`rnatilgan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishildi. Xarajatlar smetasini shakllantirishda "Referendum to`g`risida"gi qonun talablaridan kelib chiqib referendumga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq barcha mablag` talab etadigan jihatlar alohida hisobga olindi",–dedi Adham Ibodullaev.
Eslatib o`tamiz, 2019 yilda Parlament va mahalliy kengashlarga bo`lib o`tgan saylovlarga davlat byudjetidan 230 mlrd 500 mln so`m mablag` ajratilgan edi.