Bosh prokuratura tomonidan energiya resurslarini talon-toroj qilinishini oldini olishda jamoatchilik nazoratini yo`lga qo`yish maqsadida maxsus telegram-bot dasturi (@EnergonazoratBot) ishlab chiqildi.
Bosh prokuratura xabariga ko`ra, fuqarolar o`zlari yashayotgan hududda energetika sohasidagi qonunbuzarliklar haqida EnergonazoratBot orqali xabar yo`llashlari mumkin.
“Jamiyatda qonun ustuvorligini ta`minlashda, huquqbuzarliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashda jamoatchilik nazorati mexanizmlari yo`lga qo`yilgani muhim ahamiyatga ega. Shu bois Bosh prokuratura jamoatchilik e`tiborini yana bir bor energiya resurslarini talon-toroj qilish bilan bog`liq har qanday holatning oldini olish, aybdor shaxslarga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta`minlashga qaratadi”,– deyiladi xabarda.
Fuqarolar energetika sohasidagi har qanday qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish, noqonuniy foydalanilayotganini o`z vaqtida aniqlashda faol hamkorlikka chaqirilgan.
Ma`lum qilinishicha, maxsus Telegram botga kelib tushgan har qanday ma`lumot prokuratura organlarida tashkil qilingan Ishchi guruhga avtomatik tarzda kelib tushadi. Ishchi guruh tomonidan har bir qonunbuzilish holati haqidagi ma`lumot sinchiklab o`rganib chiqiladi va natijasi bo`yicha qonuniy choralar ko`riladi.