AsosiyDunyo

To`qaev Qozog`iston uchun juda muhim qonunni imzoladi

'To`qaev Qozog`iston uchun juda muhim qonunni imzoladi'ning rasmi

Prezident Qosim-Jomart To`qaev qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalalarning oldini olishga hamda mahkumlarning huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonunni imzolagan.

Qayd etilishicha, “Qozog`iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat prosessi, jazoni ijro etish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi inson huquqlariga oid o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun Qozog`iston uchun juda muhim sanaladi.

Ta`kidlanishicha, imzolangan qonun mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlar doirasida Qozog`istonning qiynoqlar va shafqatsiz munosabatning boshqa shakllariga barham berish, ushbu masalalarga oid xalqaro normalarni milliy qonunchilikka joriy etish bo`yicha izchil qadamlarining davomi bo`ladi. Endilikda mahkumlarning huquqlarini kengaytirish va salbiy qamoqxona submadaniyatining shakllanishiga yo`l qo`yilmaydi.

Shuningdek, Qozog`iston ommaviy tartibsizliklarni qo`zg`atganlik uchun jazoni kuchaytiradi

Hujjat, xususan, quyidagi qoidalarni joriy etishni nazarda tutadi:

  • shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala uchun javobgarlik joriy qilinadi;
  • qiynoqlarni jinoiylashtirish kuchaytiriladi;
  • noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida tergov harakatlarini audio va videoga qayd etishdan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Bundan tashqari, qonun mahkumlarning huquqlarini kengaytiradi:

  • og`ir kasal bo`lgan taqdirda, ularga muddatini kechiktirish huquqi beriladi, ya`ni mahkumlarga tibbiy muassasalarda jarrohlik muolajalari olish imkoniyati paydo bo`ladi;
  • mahkumlarni og`ir kasalligi tufayli ozod qilish to`g`risidagi sud qarori darhol ijro etiladi (ilgari mahkumlarni ozod qilish sudning ozod qilish to`g`risidagi qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin amalga oshirilardi);
  • mahkum ayollar va ularning farzandlari o`rtasidagi ijtimoiy aloqalarni saqlash maqsadida ularning farzandlarini koloniyalarda qoldirishlari mumkin bo`lgan muddat 3 yildan 4 yilgacha oshiriladi;
  • muqaddam sudlangan shaxslarning birinchi marta sudlanganlarga salbiy ta`sirining oldini olish maqsadida jazoni ijro etish tizimi muassasalari o`rtasida mahkumlarni taqsimlashga yondashuvlar o`zgartiriladi.

Shuningdek, endilikda birinchi marta ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinganlar avval jazoni o`tagan shaxslardan alohida saqlanadi, bu esa qonunga itoatkorlik xulq-atvorini shakllantirish imkonini beradi.

    Boshqa yangiliklar