Uzoq tanaffusdan so`ng Qozog`istonning “FlyArystan”loukoster aviakompaniyasi yana Olma-ota va Samarqandni to`g`ridan-to`g`ri reyslar bilan bog`ladi. Bu haqda "Uzbekistan Airports" matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, 18 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:34da bortida 171 yo`lovchi bo`lgan samolyot Samarqand xalqaro aeroportiga qo`ndi. An`anaga ko`ra, samolyot suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi.
Olma-ota — Samarqand — Olma-Ota yo`nalishi bo`yicha parvozlar Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ma`lumot uchun: FlyArystan Qozog`istonning arzon aviatashuvchisi bo`lib, shtab-kvartirasi Olma-otada joylashgan. Kompaniya Qozog`istondagi eng yirik “Air Astana” aviakompaniyasi negizida tashkil etilgan.