LOT Polish Airlines aviakompaniyasi Polshadan O`zbekistonga uchishni boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko`ra, 21 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:03 da Polshaning LOT Polish Airlines aviakompaniyasining samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga qo`ndi va yangi Varshava—Toshkent—Varshava yo`lovchi yo`nalishini ochdi.
An`anaga asosan, Boeing 787 Dreamliner suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi. Ekipaj va yo`lovchilarni karnay va surnay sadolari ostida Uzbekistan Airports kompaniyasi rahbariyati, Polshaning O`zbekistondagi elchisi, Turizm va Transport vazirliklari vakillari, shuningdek, Flyin’up kompaniyasi rahbariyati gullar bilan kutib oldi.
Qayd etilishicha, iyun oyining o`rtalariga qadar har 10 kunda bir marta charter asosida parvozlar amalga oshiriladi. Qishki jadvalga o`tish munosabati bilan aviakompaniya Varshava—Toshkent—Varshava yo`nalishi bo`yicha muntazam qatnovlarga o`tishga umid qilmoqda.