AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ilk bor bipolyar endoprotezlash amaliyoti yo`lga qo`yildi

'O`zbekistonda ilk bor bipolyar endoprotezlash amaliyoti yo`lga qo`yildi'ning rasmi

 Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sanjarbek Matkarimov,
Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi ko`p tarmoqli klinikasi bosh shifokori:
 — Zamonaviy tibbiyot innovasion yondashuvlar asosida rivojlanmoqda. Kam invaziv diagnostika va muolaja usullari ommalashyapti. Natijada bemorlarni jarohatsiz, asoratsiz va qisqa muddatda samarali davolash imkoniyati kengaymoqda. 
Bugun markazimizda o`tkazilayotgan qariyb 250 turdagi operasiyalarning 65 turdagisi shu singari murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlaridir. 
 Xususan, joriy yil Neyrotravmatologiya bo`limida ilk bor chanoq-son va tizza bo`g`imlari artrozi kasalligida plazmolifting muolajasi hamda umurtqa suyaklari sinishida perkutan vertebroplastika amaliyoti o`zlashtirildi. 
 Bo`yin umurtqalarini transpedikulyar fiksasiya bilan stabilizasiyalash operasiyasi joriy etilishi ham katta yangilik bo`ldi. Shuningdek, yurtimizda ilk bor bipolyar endoprotezlash muolaja usulini yo`lga qo`ydik. 
 Bundan tashqari, laparoskopik usul orqali Xirurgiya bo`limida diafragma churrasini bartaraf qilish, Koloproktologiya bo`limida esa sigmasimon ichak rezeksiyasi operasiyalari bajarildi.
 PRP-terapiya, ya`ni bemor plazmasini ajratib olib, bo`g`imga yuborish yo`li bilan ushbu tana qismidagi patologiyani bartaraf etishga qaratilgan amaliyotlarni hayotga tatbiq qildik. 
 Hozir Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, BAA, Hindiston, Ozarbayjon, Litva kabi mamlakatlarning tibbiyot muassasalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yganmiz. Ularning malakali shifokorlari bilan birgalikda murakkab operasiyalar o`tkazyapmiz.  
 O`z navbatida, bir guruh xodimlarimiz Fransiya, BAA, Hindiston va Ozarbayjondagi etakchi klinikalarda malaka oshirib qaytdi. Joriy yilda ular safini yanada kengaytirish choralari ko`rilmoqda.  
Qolaversa, klinikamiz nevrologik kasalliklar asoratlari tufayli yuzaga kelgan patologiyalarni reabilitasiya qilishda yuqori natijalarga erishyapti. Shu bilan birga, organlar transplantasiyasidan keyingi reabilitasiya muolajalarini yo`lga qo`yganmiz. 
Endi muassasamizda MSKT bo`limini ochish orqali bemorlar uchun qo`shimcha qulayliklar yaratish rejalashtirilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar