Samarqand shahar Buyuk Ipak Yo`li ko`chasi 65-uyning oldida o`rnatilgan AT "Turonbank" Samarqand viloyat filialiga tegishli bo`lgan bankomatni o`marmoqchi bo`lgan shaxslar qo`lga olindi. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 3 nafar noma`lum shaxs joriy yilning 31 mart kuni tungi soat 03:00da yuzlarini tibbiy niqob bilan berkitgan holda mazkur jinoyatni sodir etgan.
Fuqarolarga plastik kartalaridagi pullarini naqd qilib berish uchun xizmat ko`rsatuvchi ushbu bankomat shoxobchasiga kelib, ular bankomatni elektr quvvatidan uzgan. Buzish yo`li bilan bankomat ichida bo`lgan 323.290.000 so`m naqd pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilmoqchi bo`lgan.
Lekin bankomatning tarmoqdan uzilganligi haqidagi signali ishga tushib ketgan. Natijada Samarqand shahar qo`riqlash bo`limiga berilgan ogohlantiruvchi chaqiruv asosida xodimlar voqea joyiga etib kelgan. 3 nafar fuqaro hodisa joyidan yashiringan bo`lishiga qaramasdan, Samarqand shahri IIO FMB xodimlarining tezkor qidiruv-surishtiruv ishlari natijasida ularning barchasi qo`lga olingan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






