Furqat Siddiqov O`zbekistonning Amerika Qo`shma Shtatlardagi elchisi sifatida faoliyatini boshladi. Bu haqda uning o`zi Twitter sahifasida ma`lum qildi.
"Bugun men elchi, protokol boshlig`i Rufus Gifford bilan uchrashdim va ishonch yorliqlari nusxasini taqdim etdim. Biz mamlakatlarimiz o`rtasidagi uzoq yillik mustahkam ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo`llari yuzasidan samarali suhbatlashdik", deydi Furqat Siddiqov.
3 mart kuni Oliy Majlis Senati O`zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimiga Furqat Siddiqov nomzodini ma`qullagandi.
Furqat Siddiqov 1971 yil 7 fevralda Toshkentda tug`ilgan. 1993 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics QKda bosh mutaxassis (1993−1995), Prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, etakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.
O`zbekistonning AQShdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), O`zbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida ishlagan.
Furqat Siddiqov 2020 yil mayda O`zbekiston tashqi ishlar vaziri o`rinbosari bo`lgan, 2022 yil noyabridan tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
2017 yildan buyon O`zbekistonning AQShdagi diplomatik missiyasini Javlon Vahobov boshqarib kelayotgandi.