Jasur Abduraimov bosh murabbiyligidagi O`zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatiga jo`nab ketish oldidan O`zbekiston futbol federasiyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bugun, 4 oktyabr kuni O`zbekiston futbol federasiyasi anjumanlar zalida O`zbekiston yoshlar terma jamoasi hamda O`FF rahbariyati ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi. Yig`ilishda, Bahraynda start oladigan yoshlar o`rtasidagi Osiyo chempionatiga jo`nab ketayotgan terma jamoa murabbiylari va futbolchilari so`z olib, terma jamoa turnirga tayyor ekanini ta`kidlashdi.
O`zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jasur Abduraimov terma jamoa Osiyo chempionatiga yaxshi tayyorgarlanganini va turnirda jamoa yaxshi natija ko`rsatishidan umidvor ekanini aytdi.
Yig`ilishda shuningdek, bir qator futbolchilar so`zga chiqib, ularga bildirilayotgan ishonchni oqlashga astoydil harakat qilishlarini aytib o`tishdi. O`zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi sardori Islom Qobilov futbolchilar turnirga ham psihologik, ham taktik jihatdan tayyor ekanini ta`kidladi.
Yig`ilish davomida O`FF birinchi vise-prezidenti Sardor Rahmatullaev so`zga chiqib, O`zbekiston yoshlar terma jamoasini butun O`zbekiston ahli, muxlislar qo`llayotganini va ular yaxshi natijalar bilan yurtimizga qaytib kelishini tiladi. Shuningdek, yig`ilishda O`zbekiston professional ligasi bosh direktori Farhod Magametov, O`FF Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.





