Buxoro shahar IIO FMB xodimlari va shahar elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda, noqonuniy “Mayning” fermasini tashkil qilgan yana bir shaxs fosh etildi. Bu haqda vilyaot IIBB xabar berdi.
Buxoro shahar “Beruniy” ko`chasida yashovchi 1972 yilda tug`ilgan Yu.N. o`zi yashab kelayotgan uyning er to`lasida “Mayning” qurilmalari o`rnatib, qonunga xilof ravishda yuqori kuchlanishli elektr tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulangan holda faoliyat ko`rsatib kelganligi aniqlangan.
Tadbir davomida, jami 3 dona yaroqli va 1 dona yaroqsiz “Mayning” qurilmalari va boshqa butlovchi elektr jihozlari ashyoviy dalil sifatida olib qo`yilgan.
“O`zenergoinspeksiya” Buxoro viloyat hududiy bo`limi va Buxoro shahar elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislarining xulosasiga ko`ra, ushbu shaxs 2022 yil 28 mart kunidan 2023 yil 9 fevral kuniga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida umumiy qiymati 63.522 kVt soat elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalanib, shahar elektr tarmoqlari korxonasiga jami 93 mln. 694,6 ming so`mlik ko`p miqdordagi moddiy zarar etkazgan.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 185/2-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.