AsosiyJamiyat

"Madaniyat va ma`rifat" telekanali nomi o`zgarmaydigan bo`ldi — Ozodbek Nazarbekov

'"Madaniyat va ma`rifat" telekanali nomi o`zgarmaydigan bo`ldi — Ozodbek Nazarbekov'ning rasmi

"Madaniyat va ma`rifat" telekanali nomi o`zgarmaydigan bo`ldi. Ozodbek Nazarbekov “Madaniyat va ma`rifat” telekanali Madaniyat va turizm vazirligi tarkibiga qo`shib berilishi yuzasidan bildirilayotgan fikr-mulohaza hamda takliflarni o`rganib shu xulosa keldi.

Xabaringiz bor, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Karvon” telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori loyihasi (ID-78167 (V-1) tayyorlanib, bir necha kun avval normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi – project.gov.uzda  e`lon qilingan edi.

Vazir mazkur qaror loyihasi jamoatchilik tomonidan qizg`in kutib olingani hamda ijtimoy tarmoqda keng muhokamalarga sabab bo`lganidan quvonganini bildirdi.

"Hafta davomida trendga chiqqan “Madaniyat va ma`rifat” telekanali atrofidagi fikr-mulohazalar millatimiz ziyolilari, teleijodkorlar yuragida yig`ilib qolgan dardlarni ham oshkor qildi. Bu jo`shqin chiqishlar to`lqinida e`tiborimni tortgan masalalar qatorida quyidagilarni alohida belgilab oldim:

1.  Telekanal nomini o`zgartirmaslik;

2.  Ilmiy-ma`rifiy, adabiy-badiiy loyihalarni saqlab qolish va rivojlantirish;

3.  Moddiy-texnik baza masalasiga echim topish;

4.  Mehnatga munosib haq to`lash masalasini hal qilish;

5.  Badiiy va hujjatli filmlar, umuman, barcha janrdagi mediamahsulotni efirga uzatishda lisenziya bilan bog`liq masalalar.

Bu va boshqa yondosh masalalar bosqichma-bosqich hal etilishi lozim, bu jarayonlarda esa butun jamoa birlashishi, bahs-munozara maydonida ko`rsatgan qat`iyatini ish maydonida ham namoyon etishi zarur deb bilaman. Zero shu yurt, shu xalq vakillari sifatida barchamiz umumiy maqsad yo`lida – millatni yuksaltirish, yurt ravnaqiga hissa qo`shish yo`lida kamarbastamiz.  

“Madaniyat va ma`rifat” telekanali atrofidagi jo`shqin bahslarda xolis ishtirok etgan barcha ziyolilarga yurakdan tashakkur aytaman.  

Oydin kunlarga etishmoq yo`lidagi xayrli say`-harakatlarimiz yaxshi samaralarga etkazsin, barchalarimizni muborak kunlar fazilatidan nasibador qilsin", - deydi Ozodbek Nazarbekov

    Boshqa yangiliklar