Kecha, 12 aprel kuni Zahi Global ekologik jamg`armasi (GEF)ning grant mablag`lari hisobiga O`zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshiriladigan Bioxilma-xillik bo`yicha global dasturini erta qo`llab-quvvatlash (GBF-EAS) qo`shma loyihasining boshlang`ich yig`ilishi tashkil etildi.Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Tabiat resurslari vazirligi taqdim etgan ma`lumotga ko`ra, 2022 yil 19 dekabr kuni Bioxilma-xillik bo`yicha Kunming-Monreal global dasturi (GBF) 190 mamlakat tomonidan ma`qullandi. Ushbu tarixiy dastur 2050 yilga kelib tabiat bilan uyg`unlikda yashaydigan dunyo global konsepsiyasi maqsadlariga erishish uchun yo`l xaritasini belgilaydi. Dasturning asosiy ko`rsatkichlari 2050 yilga qadar 4 ta maqsad va 2030 yilga qadar 23 ta nishonga erishish hisoblanadi. Dastur bioxilma-xillik bo`yicha global harakatlar uchun mustahkam asos bo`lib, Iqlim o`zgarishi bo`yicha Parij bitimini to`ldiradi va 2050 yilga kelib iqlim o`zgarishiga chidamli va barqaror dunyoga yo`l ochadi.
“O`zbekiston global integrasiya masalalarida faol pozisiyani egallaydi, — dedi tadbirda nutq so`zlagan Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov. — Biz bioxilma-xillik va umuman tabiatga jamiyatning munosabatini o`zgartirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirishga salmoqli hissa qo`shishga intilamiz”.
Ta`kidlash kerakki, bioxilma-xillik bo`yicha Kunming-Monreal global dasturiga qo`shilish bilan bir vaqtda O`zbekiston dunyoning boshqa ko`plab davlatlari kabi uni amalga oshirish uchun o`zining milliy maqsadlarini belgilash majburiyatini oldi. Boshlangan loyiha O`zbekistonning bioxilma-xillikni saqlash, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish, monitoringini amalga oshirish va moliyalashtirish bo`yicha siyosatini belgilab beruvchi Milliy strategiyasi va Harakatlar rejasini global dasturining kun tartibiga mos keladigan tarzda qayta ko`rib chiqishga ko`maklashadi.
Biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanishni ta`minlash bo`yicha harakatlar rejasi:
- me`yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;
- davlat kadastrini yuritish va o`simlik hamda hayvonot dunyosi obektlari monitoringini yuritishni takomillashtirish;
- siyosatni shakllantirish va qarorlar qabul qilish uchun zarur bo`lgan bioxilma-xillikning holati va ahamiyati to`g`risidagi zamonaviy ilmiy axborotni takomillashtirish;
- hayvon va o`simliklarning noyob va yo`qolib ketish xavfi ostida turgan turlarini tiklash bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- hayvonot va o`simlik dunyosi obektlaridan noqonuniy foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish;
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (QT) tizimini va ekologik turizmni rivojlantirish;
- aholining ongi va ekologik madaniyati darajasini oshirish.
"Bioxilma-xillik va ekotizim xizmatlarining yo`qolishi xarajatlar va xatarlarni oshirishi hamda iqtisodiy ko`rsatkichlarning pasayishiga olib kelishi mumkin, — dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O`zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. — Biz hozir ham ushbu ta`sirlarni sezmoqdamiz. Orol dengizining qurib borayotgani, butun mamlakat bo`ylab tez-tez sodir bo`layotgan chang bo`ronlari tabiiy resurslardan mas`uliyatli tarzda foydalanish lozimligini anglatadi”.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston bioxilma-xilligi 27 mingdan ortiq turlarni o`z ichiga oladi. Ular orasida umurtqasiz hayvonlarning 14900 turi, umurtqali hayvonlarning esa 715 turi uchraydi. Umurtqalilarning 107 turi sutemizuvchilar, 467 turi qushlar, 61 turi sudralib yuruvchilar, 3 turi amfibiyalar, 77 turi baliqlardir. Shuningdek, 11000 turdagi o`simliklar, qo`ziqorinlar, suv o`tlari bor.
Bundan tashqari, yuqori yovvoyi o`simliklarning 4300 turi bo`lib, ulardan 8 foizi endemik turlardir.
O`zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga (2019) 206 hayvon va 314 o`simlik turi kiritilgan.