AsosiyJamiyat

"Ekologik, atrof-muhit madaniyatimiz rivojlanmaganligi sabab mahalliy aholi ayiqni moshinada urishga harakat qilishdi"

'"Ekologik, atrof-muhit madaniyatimiz rivojlanmaganligi sabab mahalliy aholi ayiqni moshinada urishga harakat qilishdi"'ning rasmi

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi qishloqlardan birida ayiq oralagani,  hatto tumandagi 103-sonli maktab binosidagi derazalarga urilgani haqida xabar bergan edik. 

Tabiat resurslari vazirligining keyinroq bergan ma`lumotiga ko`ra, ayiq tumanning Yashnabod MFY Beshchashma hududidan oqib o`tuvchi Qumdaryo daryosiga yaqin hududdagi jarlikda hosil bo`lgan g`or ichiga kirib olgan.

Ma`lum qilinishicha, ushbu hudud Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tuman hokimligi mutasaddilari, tuman ichki ishlar, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar bo`limlari xodimlari tomonidan muhofazaga olinib, aholi va qo`ng`ir ayiqning xavfsizligi nazoratga olingan. 

Mazkur hududga vaziyatni bartaraf etish maqsadida Toshkent hayvonot bog`i mutaxassislaridan iborat guruh jalb qilingan. Afsuski, maxsus guruh ayiq yashiringan joyga etib borguncha, ayiq otib o`ldirilgan. 

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov mazkur holat bo`yicha munosabat bildirib, aholining ekologik madaniyati rivojlanmaganini, aybdorlar albatta jazolanishini aytdi. 

"Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida ayiq adashib aholi punkitiga kelib qolgan. Ekologik, atrof-muhit madaniyatimiz rivojlanmaganligi sabab mahalliy aholi ayiqni mashinada urishga harakat qilishdi. Biz tavsiya bergandikki, ayiqni o`ldirmasdan, uxlatib tabiatga qo`yib yuborish rejalashtirilgandi. Bizdagi ma`lumotlarga ko`ra, mahalliy aholiga ayiq tarafidan hech qanday xavf-xatar bo`lmagan.  Shunday bo`lsa-da u o`ldirilgan. Mazkur holat bo`yicha Bosh prokuraturaga tegishli arizamizni kiritdik. Bosh prokuratura tomonidan jinoiy ish qo`zg`atildi. Hozirda ayiqning qonini olib tekshirildi. Tekshiruv davomida ayiqda hech qanday kasallik bo`lmagani aniqlandi",– deydi Aziz Abduhakimov.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar