Fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi ta`minlanganligi demokratik davlatning muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Fuqarolar jamiyat va davlat boshqaruvida bevosita yoki bilvosita, ya`ni o`zi saylagan deputatlar orqali qatnashishi mumkin.
Deputatlar xalq noibi sifatida ochiq va oshkoralik asosida jamoatchilik fikri va kuchiga tayangan holda ijro hokimiyatini tiyib turish uchun parlament nazoratini olib boradi. Xalq hayoti uchun o`tkir va dolzarb masalalarni ko`rib chiqish va hal qilishda parlamentning ishtiroki darajasi qanchalik yuqori bo`lsa, davlat boshqaruvi faoliyati ham shunchalik samarali va xalqchil bo`lishiga xorijiy davlatlar tajribasidan o`tgan aksioma deyish mumkin.
Yangilanayotgan Konstitusiyaning 93-moddasiga ko`ra, Oliy Majlis palatalarining parlament tekshiruvini o`tkazish vakolati Konstitusiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Bunda parlament tekshiruvi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma qarori bilan mamlakatning xavfsizligi, barqaror rivojlanishi asoslariga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan, inson huquqlari va erkinliklariga, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar va voqealarni o`rganish maqsadida o`tkazilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Ta`kidlash lozimki, palatalar orasidan tenglik asosida tekshiruv huquqiga ega bo`lgan va faoliyati qonun bilan tartibga solinadigan maxsus komissiya tuziladi
Umuman olganda, parlament tekshiruvi – qonun chiqaruvchi hokimiyat tomonidan jamiyat va davlat hayoti bilan bog`liq muammolarni o`rganish, shuningdek ularni hal qilish choralarini ko`rish uchun qo`llaniladigan samarali demokratik usul deb atasak bo`ladi.
AQSh, Fransiya va Germaniya kabi rivojlangan davlatlar tajribasiga ko`ra, xavfsizlik, atrof-muhit, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar kabi muhim masalalar parlament tekshiruvining mavzusi bo`lishi mumkin.
Shu sababli, ekspertlar Parlament nazoratining ushbu shaklini insonning asosiy huquq va erkinliklari buzilgan hollarda ziddiyatli vaziyatlarni hal qilish eng samarali usuli sifatida qarashadi.
Parlament tekshiruvi jarayoni odatda uzoq davom etadi va ommaviy axborotni o`rganishni, ekspertlarni jalb qilishni va fuqarolarning parlament yig`ilishlarida ishtirok etishini o`z ichiga oladi. Parlament tekshiruvlari natijalari parlamentning rasmiy xulosasi bo`lib, unda o`rganilayotgan masalani hal qilish bo`yicha tavsiyalar berilgan.
Konstitusiyaviy islohot natijasida Oliy Majlis palatalari vakolatlarini kengaytirish, ularga jamiyat hayotiga ta`sir ko`rsatadigan eng dolzarb masalalarni o`rganish maqsadida tergov o`tkazish vakolati berilishi, xalq vakillariga qo`shimcha imkoniyatlar taqdim etilishi jamiyat hayotining o`tkir talablari muntazam ravishda Parlament faoliyatining kun tartibida dolzarb masala sifatida bo`lishiga olib keladi.
Umuman olganda, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari va senatorlariga ahamiyati yuqori bo`lgan masalalarda tekshiruvni amalga oshirish vakolati berilishi xalq talab va ehtiyojlarini aks ettiradigan zamonaviy demokratik huquqiy mexanizmni yuzaga keltiradi.
Narimanov Bekzod Abduvalievich,
Toshkent davlat yuridik universiteti bo`lim boshlig`i,
Yuridik fanlari bo`yicha falsafa doktori, dosent