AsosiyJamiyat

Yangilanayotgan konstitusiyaga ko`ra shaxslarning murojaat qilish huquqi kengaymoqda

'Yangilanayotgan konstitusiyaga ko`ra shaxslarning murojaat qilish huquqi kengaymoqda'ning rasmi

O`zbek jamiyatda mahallaning roli beqiyos. To`y-tadbirlar, maraka, hashar, yaxshi va yomon kunlarimizda mahalla ahli yonimizda bo`ladi. Mahalla azaldan odamlarning o`z dardini aytadigan, muammosiga echim topadigan maskan bo`lib kelgan. Aksariyat hollarda oila a`zolari va qarindoshlar o`rtasidagi hal bo`lmagan muammolar ham mahalla orqali o`z echimini topadi.

Qonunchiligimizda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga hatto muayyan ishonchnomalarni tasdiqlash, notarial harakatlarni qayd etish, vasiyatnomalarni tasdiqlash, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish kabi muhim vakolatlar berilganligi ularning kundalik hayotimizda naqadar muhim o`rin tutishini anglatadi.

Yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasining 40-moddasida har kim bevosita o`zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlari hamda tashkilotlari bilan bir qatorda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga ham arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligining belgilanishi muhim ahamiyatga ega.

Yangilanayotgan Konstitusiyada fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqining belgilanishi konstitusiyaviy darajada har kim yozma ravishda murojaat qilish huquqiga ega bo`lgan organlar va mansabdor shaxslar ro`yxatini kengaytirish imkonini beradi.

Bu boradagi huquqlar Inson huquqlari umujahon deklarasiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro pakt, Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish bo`yicha Evropa Konvensiyasi kabi xalqaro hujjatlarda o`z aksini topgan.

Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari o`z hududi doirasida aholining manfaatlarini hal etish yuzasidan 30 dan ortiq vakolatlarga egadir. Bundan tashqari, mazkur organlar mahalliy hududda joylashgan o`z vakolati doirasida davlat organlari va tashkilotlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasida tegishli huquqlarga egadir. Biroq, yuqoridagi va boshqa masalalar yuzasidan fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga murojaat qilish huquqi konstitusiyaviy darajada belgilanmagan edi.

Ushbu taklif orqali har bir shaxsning endilikda davlat organlari va muassasalaridan tashqari fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga ham ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egaligi kiritilmoqda.

Mazkur vazifa, huquq va vakolatlar fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va ta`minlashdek muhim konstitusiyaviy vazifani yuklaydi. Shunga ko`ra, har bir shaxs bevosita o`zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqini konstitusiya darajasida mustahkamlab qo`yilishi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan fuqarolar huquqlarini himoya qilishdagi imkoniyatlari va mas`ulligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shu o`rinda, mahallalarda xalq bilan davlat organlari o`rtasida o`ziga xos ko`prik vazifasini o`tayotgan hokim maslahatchisi, yoshlar etakchisi lavozimlarining joriy etilganligi ham mazkur huquqni amalga oshirishning ko`lami va samaradorligini oshirishga qaratilgan. Shuning uchun, murojaatlar orqali barcha fuqarolar bilan muloqotda bo`lish imkoniyatini va shart-sharoitlarini yaratish har bir shaxs huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farxod Primov,

yuridik fanlari bo`yicha falsafa doktori

    Boshqa yangiliklar