AsosiyJinoyat

Boysun davlat o`rmon xo`jaligida Zarafshon archalari noqonuniy kesib ketilgani aytildi. Tabiat resurslari vazirligi rasmiy munosabat berdi

'Boysun davlat o`rmon xo`jaligida Zarafshon archalari noqonuniy kesib ketilgani aytildi. Tabiat resurslari vazirligi rasmiy munosabat berdi'ning rasmi

Surxondaryo viloyati Boysun davlat o`rmon xo`jaligida tabiat dunyosiga zarar etkazgan o`rmon xo`jaligi mas`ul xodimlariga chora ko`rildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati  boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko`ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Boysun davlat o`rmon xo`jaligiga qarashli Kengdala o`rmon bo`limida mavjud bo`lgan Zarafshon archalari noqonuniy ravishda  kesib ketilmoqda” mazmunidagi murojaatlar Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasining tezkor guruhi tomonidan joyiga chiqqan holda o`rganib chiqildi. 

O`rganishlar davomida Kengdala bo`limining 2-aylanma 6-kvartalining “Tuya” massivida 2 tup o`suvchanligini yo`qotmagan Zarafshon archasi tag qismidan, noqonuniy kesilgani, shuningdek, mazkur bo`limning 3-aylanma 8-kvartalida 3 tup Zarafshon archalarining yon shoxlarini o`sish darajasidan to`xtamaydigan darajada shikastlantirilganlik holatlari aniqlandi.

Bundan tashqari, Kengdala o`rmon bo`limining hududida tana oldi diametri 20 sm bo`lgan, 1 tup o`suvchanligini yo`qotmagan Zarafshon archasining tag qismidan kesilgani aniqlangan. Boysun davlat o`rmon xo`jaligi Kengdala o`rmon bo`limi hududlarida yaratilgan ko`chatxonalar faoliyati o`rganilganda o`rmon bo`limining 3-aylanma 8-kvartalidagi 2 ta ko`chatxona nazoratsiz qoldirilgani, o`rmon xodimlarining o`z ishiga sovuqqonlik bilan yondashishi oqibatida tashkil qilinishi lozim bo`lgan 70 foiz ko`chatlar joyida mavjud emasligi aniqlandi.

Yuqorida qayd etilgan holatlarni sodir etgan 2-aylanma 6-kvartal o`rmonchisi F.R.ga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 million 500 ming so`m jarima qo`langan, bu harakat bilan o`simlik dunyosiga 2 million 700 ming so`m zarar etkazilgan.

Shuningdek, 3-aylanma 8-kvartali o`rmonchisi S.E.ga nisbatan  Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan 1 million 500 ming so`m jarima qo`llangan, bu harakat bilan o`simlik dunyosiga 270 ming so`m zarar  etkazilgan.

Shu bilan birgalikda, 3-aylanma 8a-kvartal o`rmonchisi B.E.ga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan 1 million 500 ming so`m jarima qo`llangan, bu harakat bilan o`simlik dunyosiga 1 million 950 ming so`m zarar etkazilgan.

Kengdala o`rmon bo`limi hududlarida tashkil etilishi belgilangan ko`chatxonalar nazoratsiz qoldirilgani sababli mazkur bo`lim boshlig`i K.R.ga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 80-moddasi 1-qismi bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 10 barobari miqdorida jarimaga tortildi.

Mazkur murojaat Boysun davlat o`rmon xo`jaligi  tomonidan ham o`rganilgan  bo`lib, hududda huquqbuzarlik holatlari  aniqlangan. Ushbu holat bo`yicha hozirda O`rmon xo`jaligi vakolati doirasida ta`sir choralarini ko`rish ishlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar