AsosiyJamiyat

Xalq deputatlariga hokimlarni nazorat qilishi vakolati berilmoqda

'Xalq deputatlariga hokimlarni nazorat qilishi vakolati berilmoqda'ning rasmi

Xalq deputatlari Kengashlarining hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo`g`inga aylantirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institusional asoslarini zamon talablariga moslashtirish, ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish davlat boshqaruviga oid islohotlarning ustuvor yo`nalishlaridandir. Shu maqsadda mamlakatimizda keng ko`lamli ma`muriy-huquqiy islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasining 120-moddasida “Viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi (tumanga bo`ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlaridir”, degan norma orqali ushbu organning maqomi belgilanmoqda. Shuningdek, xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o`zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi belgilanmoqda. Ushbu yangilik asosida xalq deputatlari Kengashi rahbari alohida bo`lishi hamdahokimning Kengashlarning rahbari bo`la olmasligi to`g`risida alohida qoida belgilanmoqda. Shuningdek, xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi Kengashlarning demokratik tabiatini ifoda etadi. 

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasining 122, 123- moddalarida xalq deputatlari Kengashlarining hamda viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining vakolatlari alohida-alohida belgilanmoqda. Ushbu norma asosida mahalliy darajada vakillik va ijro etuvchi hokimiyat funksiyalari ajratiladi. Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga boshchilik qilishi haqidagi qoidaning chiqarilishi, ularning Kengashlar oldida mas`uliyatini oshirishga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengash va deputatlar nazoratini kuchaytirish uchun xizmat qiladi. Hokimlarning mas`uliyatining oshirilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma`muriy islohotlarningmantiqiy davomi bo`lib xizmat qiladi.

Keyingi yillarda mahalliy davlat hokimiyatini takomillashtirish va joylarda hokimiyat tarmoqlari bo`linish tamoyilini ta`minlash yo`lida qator ishlar amalga oshirildi. 2017 yil 8 sentyabrda qabul qilingan Ma`muriy islohotlar konsepsiyasida mahalliy davlat hokimiyati tizimini tashkil etishda hokimiyatlar bo`linishi prinsipining amaliy ro`yobga chiqarilishini ta`minlash, alohida vazifa sifatida belgilab qo`yildi hamda ushbu yo`nalishda bir qator vazifalar amalga oshirildi. Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy imkoniyatlari, xalq deputatlari Kengashlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy bo`linmalari faoliyatini nazorat qilish bo`yicha roli va mas`uliyati oshirildi. 

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O`zbekiston ma`muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF–269-son Farmonida ham ma`muriy islohotlarning ikkinchi bosqichi sifatida mahalliy davlat hokimiyati organlarini isloh qilish bo`yicha choralar ko`rish belgilab berilib, ushbu o`zgarishlarga tayyorgarlik ko`rilmoqda.

E`tibor qaratish zarurki, O`zbekiston Respublikasining “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini samarali tashkil etish, shoshma-shosharlikka yo`l qo`ymaslik maqsadida ham aniq bir normalar belgilanmoqda. Shunga muvofiq, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o`zida xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi haqidagi qoidalar quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi. Xususan, viloyatlar hamda Toshkent shahar vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlariga nisbatan 2024 yilda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining navbatdagi saylovlari yakunlari bo`yicha; tuman hamda shahar vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlariga nisbatan esa 2026 yil 1 yanvardan e`tiboran amalga kiritiladi.

Shunday qilib, bir shaxs bir vaqtning o`ziga ham hokim, ham mahalliy Kengash raisi bo`lmasligi haqidagi normalarning belgilanishi mahalliy xalq deputatlari Kengashlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaytiradi, joylardagi mahalliy aholi manfaatlarini himoya qilish imkoniyati kengaytiradi. 

Shu bilan birga, xalq deputatlari Kengashi vakolatlarining kengayishi samarali deputatlik nazoratining amalga oshirilishi uchun zarur sharoit yaratadi. Xalq deputatlari Kengashi deputatlari olida viloyat, tuman va shahar hokimining hisobdorligi, mas`uliyati va javobgarligini oshiradi. Ushbu o`zgarishlar kelgusida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarga ko`rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Xayitov Xushvaqt Saparbaevich,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri, 

yuridik fanlar doktori, professor

 

 

    Boshqa yangiliklar