Joriy yilning 2 may kuni Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi tashabbusi bilan Jahon Bankining “O`zbekiston milliy innovasion tizimini modernizasiya qilish” (MUNIS) loyihasi doirasida respublikamizning barcha hudud va shaharlarida xalqaro ekspertlar jamoasi tomonidan “Texnologiyalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni amalga oshirish” o`quv dasturiga start berildi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Tadbirni O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi. So`zga chiqqan Jahon banki ishchi guruhi rahbari Janob Erali Beksultan, MUNIS loyihasi rahbari Dilshod Azgarov, ilmiy loyihalar va biznes-startaplarni amalga oshirish bo`yicha xalqaro ekspert Sergey Makarov loyihaning maqsad va vazifalari to`g`risida ma`lumotlar berishdi.
Dasturning asosiy maqsadi 2022/2026-yillarda innovasion rivojlanish strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun hududlardagi yosh olimlar, tadbirkorlar va o`z startap g`oyalariga ega yoshlarni loyihalarini amalga oshirishda amaliy ko`nikmalarini mustahkamlash, hamda texnologiyalarni tijoratlashtirishda ularni qo`llab-quvvatlashdan iboratdir. Loyiha, shuningdek, MUNIS loyihasining kichik tarkibiy qismlari uchun maqsadli auditoriyani kengaytirishga yordam beradi.
Loyiha 2023 yilning may oyida boshlanib 8 oy davomida 12 ta viloyat va Qoraqalpog`iston Respublikasida o`tkaziladi. Loyiha doirasida treninglar tashkil etilib, O`zbekistonning barcha hududlarida bepul interaktiv seminarlar xalqaro ekspert Sergey Makarov ishtirokida o`tkaziladi va quyidagi mavzularni qamrab oladi:
• R&D tijoratlashtirish tamoyillari;
• Istiqbolli innovasion mahsulotlarni aniqlash;
• Mahsulotni ishlab chiqish (kelajakdagi mahsulot xususiyatlarida Kano modelidan foydalanish);
• Mijozlarni topish va yangi korxonalar (Lean usullaridan biri - mijozlarning ehtiyojlarini “sifat uyi” tamoyili asosida R&D shakllantirish);
• IM identifikasiya va erta baholash;
• Tadqiqotchilarning texnologik brokerlar, tadbirkorlar, investorlar bilan o`zaro ta`siri; tuzoqlardan qochib sherikchilik qurish;
• Biznes akseleratorlar va erta bosqichdagi VC investisiyalari: R&D tizimidagi insonlar nimani bilishlari kerak;
• Global rivojlanish: nimani kutish va nimadan uzoqlashish kerak;
• Ushbu loyiha fan, ta`lim va innovasiyalar sohalarini rivojlantirishga hizmat qilib, mamlakatning demografik salohiyatini ochib berishga qaratilgan va amalda sinovdan o`tib yo`lga qo`yilgan dasturdan iborat bo`ladi.






