AsosiyJinoyat

Jizzaxda soxta Green Card tayyorlab, 103 kishidan 2,5 mlrd. so`mni yig`ib olgan shaxslar qamaldi

'Jizzaxda soxta Green Card tayyorlab, 103 kishidan 2,5 mlrd. so`mni yig`ib olgan shaxslar qamaldi'ning rasmi

Jizzax viloyatida 3 nafar shaxs soxta Green Card hujjatlarini tayyorlab, 103 kishining 2 mlrd 597 mln so`mini firibgarlik bilan qo`lga kiritgani aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda. 

Aniqlanishicha, D.R. A.G`. va R.N. birgalikda 103 nafar fuqaroni o`zlari tayyorlagan soxta hujjatlar asosida AQShga borishi uchun Green Card lotereyasidan yutuq chiqqaniga ishontirib, aldash yo`li bilan ularning jami 2 mlrd 597 mln so`m pul mablag`larini qo`lga kiritgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Arnasoy tumani sudining tegishli hukmiga ko`ra, D.R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (Juda ko`p miqdordagi firibgarlik) va boshqa moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mahkum D.R. jazoni o`tashiga monelik qiladigan og`ir kasallikka chalingani sababli unga nisbatan hukm bilan tayinlangan jazoning ijrosi 4 oyga kechiktirilgan. Viloyat sudi apellyasiya instansiyasining tegishli ajrimiga ko`ra, sud hukmi o`zgarishsiz qoldirilgan.

Sud qarorlarining qonuniyligi o`rganilganda, protest keltirish uchun asoslar topilmagan. Bundan tashqari, A.G`. va R.N. tergovdan yashiringani sababli ularga nisbatan sudning ajrimiga ko`ra, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanib, qidiruv e`lon qilingan.

    Boshqa yangiliklar