Amerika Qo`shma Shtatlarining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik 3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni bilan barcha o`zbekistonlik ommaviy axborot vositalari xodimlarini, jurnalist va blogerlarni tabrikladi.
"Jahon matbuot erkinligi kunida biz butun dunyo bo`ylab o`z jamiyatlarida ma`rifat ulashayotgan, ularni xabardor qilib, o`zaro munosabatga kirishayotgan jurnalistlarning jasoratini sharaflaymiz. Erkin va mustaqil matbuot vatandoshlarga ularning turmushini shakllantiradigan voqealarni tushunishga yordam beradi hamda g`oyalar va fikrlar xilma-xilligini targ`ib qiladi. Bunday erkin axborot almashinuvi har bir demokratik davlatning asosiy bo`lagi sanaladi", - deydi elchi.
U o`z bayonotida bugungi kunda ko`plab jurnalistlar dunyoda sodir bo`layotgan voqealarni, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini va Afg`onistondagi inson huquqlarining buzilishini yoritish uchun o`z hayotlarini xavf ostiga qo`yishayotgani, bugungi kunda erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarining faoliyati har qachongidan ham muhimroq ekanlini ta`kidladi.
Bayonotda AQShning O`zbekistondagi elchixonasi O`zbekistonda media sohasidagi ijobiy siljishlarni qo`llab-quvvatlashga sodiq ekanligi qayd etildi.
"Hamkasblarim va men turli treninglar va ta`lim olish imkoniyatlari orqali qo`llab-quvvatlayotganimiz o`zbekistonlik jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlikni qadrlaymiz. Biz O`zbekiston jurnalistlari mehnatini nafaqat bugun, balki har kuni sharaflashdan faxrlanamiz", dedi Jonatan Henik.






