O`zbekiston delegasiyasining Shveytsariyaga rasmiy tashrifi doirasida Sudoche ko`li xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan Ramsar suv-botqoq erlar ro`yxatiga kiritildi.
Tegishli sertifikatga asosan, suv qushlarining yashash muhiti sifatida xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suv-botqoq erlari to`g`risidagi konvensiya Bosh kotibi M.Mumba tomonidan Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimovga topshirdi.
Ta`kidlash kerakki, Sudoche ko`li O`zbekistonning Ramsar konvensiyasiga kiritilgan 4-obekti bo`ldi. Bunga qadar Dengizko`l 2001 yilda, Aydar-Arnasoy ko`llar tizimi 2008 yilda va To`dako`l hamda Quymazor suv omborlari 2020 yilda Ramsar ro`yxatidan joy olgan.
“Suv qushlarining ko`chmanchi turlarini saqlashda suv-botqoq erlarining ahamiyati katta, – dedi Aziz Abduhakimov. – Bu hududlar karbonat angidridni o`ziga singdirib, iqlim o`zgarishi oqibatlarini yumshatadi, shuningdek, ekologik turizmni rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega”.
O`z navbatida Ramsar konvensiyasi Bosh kotibi O`zbekistonning Ramsar ob`ektlarini saqlash bo`yicha Strategiyani ishlab chiqish tashabbusini qo`llab-quvvatladi va hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Ma`lumot uchun, Sudoche ko`lida 24 turdagi baliq, 230 turdagi qush (118 ta gidrofil tur) bo`lib, shundan 24 turi Xalqaro Qizil kitobga (12 tur) va O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Shuningdek, ko`lda 30 turdagi sutemizuvchilar ham bor (shundan 2 turi O`zbekiston Qizil kitobiga va 3 turi Xalqaro Qizil kitobiga kiritilgan).
Sudoche ko`li bahor-kuz davrida suv qushlarining ommaviy konsentrasiyasi joyi sifatida juda muhim rol o`ynaydi. Suv havzasida bahorgi migrasiya davrida qushlar soni 100 mingdan oshadi.






