Prezident “Yangi tahrirdagi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasini amalga oshirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmonni imzoladi.
Unga ko`ra:
- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etiladi;
- “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olinishi lozim bo`lgan shaxslar – O`zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro`yxati to`g`risida”gi qonun bekor qilinadi;
- 2024 yil 1 yanvardan boshlab, ma`muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlik sub`ektlaridan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni ko`rib chiqish natijasi bo`yicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etiladi;
- 2023 yil 1 avgustdan boshlab soliq to`lovchilar tomonidan yoshidan qat`i nazar farzandlarining O`zbekiston Respublikasi ta`lim tashkilotlarida ta`lim olishlari uchun yo`naltiriladigan to`lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi. Ushbu tartib ta`limning barcha bosqichlari — maktabgacha, maktab va oliy ta`lim tizimiga joriy etiladi;
- 2023 yil 1 iyundan boshlab chakana savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarining faoliyat ko`rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar bekor qilinadi.






