AsosiyJamiyat

“Shaxid bo`lib ketsak rozi bo`lingiz...” Nashida uchun 3 yilga qamalgani norozilik keltirib chiqarayotgan talaba yigit ishi bo`yicha batafsil ma`lumot berildi

'“Shaxid bo`lib ketsak rozi bo`lingiz...” Nashida uchun 3 yilga qamalgani norozilik keltirib chiqarayotgan talaba yigit ishi bo`yicha batafsil ma`lumot berildi'ning rasmi

Kuni kecha tanishlariga oddiy diniy qo`shiq — nashida tarqatgan talaba qamalgani haqidagi xabar jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda. 

Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati mazkur ish bo`yicha batafsil ma`lumot taqdim etdi. 

Ma`lum qilinishicha, 2022 yilning oktyabr oyida Toshkent viloyati IIBB tomonidan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yo`nalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar davomida 2002 yilda tug`ilgan, Toshkent viloyati Yangiyo`l tumanida yashovchi fuqaro "U.J." ijtimoiy tarmoqlar orqali taqiqlangan diniy materiallarni tarqatib kelish bilan shug`ullanayotganligi xususida ma`lumotlar olingan.

Tezkor-qidiruv tadbirlar davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan ma`ruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning g`oyaviy ta`siriga tushgan va ushbu harakatlarni qo`llab-quvvatlashni boshlagan.

U, xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida Internet orqali «jihod» va “shahidlikka chorlov" ma`ruzalarini o`ziga tanish bo`lgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shug`ullangan.

Xususan, "U.J." tomonidan tarqatilgan materiallar orasida “Shaxid bo`lib ketsak rozi bo`lingiz” nomli nashida ham bo`lib, unda o`zbek tilida“mujohid bo`lish nasib qilgani, karvondan qolmasdan ularga ergashish kerakligi, shahid bo`lib ketish orzulari ekani, Alloh bergan jonni Allohga sotishlari, Alloh yo`lida qurbonlik qilishlari, tog`utlarga qarshi kurashish va mujohid bo`lib ularga ergashish kerak ekani”mazmunidagi chorlov so`zlari keltirilgan.

O`zbekiston Respublikasi Din ishlari bo`yicha qo`mitasining ekspertlik xulosasiga ko`ra, ushbu ma`lumotlar diniy aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan bo`lib, ularni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Ushbu holat yuzasidan joriy yilning 20 fevral kuni fuqaro "U.J." ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 (1)-moddasi uchinchi qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog`idan foydalanib sodir etilgan bo`lsa) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Ushbu jinoyat uchun qonunchilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo`lsada, joriy yilning 8 may kuni Toshkent viloyati Oqqurg`on tuman sudi tomonidan "U.J."ning shaxsi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda, JKning 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash)ni qo`llagan holda, belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq bo`lgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

"Hozirda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan "U.J." telegram-guruhiga go`yoki YouTube platformasidagi oddiy diniy qo`shiq havolasini tarqatganligi uchun yoki diniy nashida eshitganligi uchun javobgarlikka tortilgani haqida yolg`on ma`lumotlar tarqatilmoqda. 

Ta`kidlash lozimki, "U.J." shahid bo`lishga (jang maydonlarida xudkushlik sodir qilish, o`zini o`zi o`ldirish) da`vat etuvchi o`zbek tilidagi “Shaxid bo`lib ketsak rozi bo`lingiz” nomli diniy qo`shiq va boshqa bir qator diniy materiallar mazmunini to`liq anglagan holda ushbu g`oyalarni tanishlariga ham etkazish maqsadida Telegramʼ ijtimoiy tarmog`i orqali tarqatgan.

Bunday haraqat O`zbekiston hududida jamoat xavfsizligiga tahdid tug`diruvchi ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanib, tergov idoralari tomonidan "U.J."ning harakatlari to`g`ri malakalangan. 

Shu bilan birga, “Axborotlashtirish to`g`risida”gi qonunining 121-moddasiga binoan, Internet tarmog`idan jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg`on axborot tarqatish yoki qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo`ladigan o`zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo`l qo`yilmaydi. 

“Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 6-moddasida esa jurnalistning majburiyatlari qatorida o`zi tayyorlayotgan materiallarning to`g`ri yoki noto`g`ri ekanligini tekshirish va xolis axborot taqdim etishi shartligi ko`rsatilgan", - deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar