Toshkent shahrida Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan hamda Germaniya turistik assosiasiyasi (Deutscher Reiseverband e.V. – DRV) bilan hamkorlikda Germaniya va O`zbekiston turizm sohasi vakillari uchun “Destination forum” xalqaro konferensiyasi bo`lib o`tadi.
Germaniyaning yirik turkompaniyalari yordamida O`zbekistonning turizm imkoniyatlarini G`arbiy Evropa bo`ylab targ`ib qilish va ushbu qit`adan yurtimizga keluvchi turistlar sonini ko`paytirish maqsadida joriy yilning 10-17 may kunlari Germaniyaning 80 nafar turistik operatorlarining O`zbekistonga tashrifi tashkil etilmoqda.
DRV - Germaniyaning turizm sohasidagi etakchi assosiasiya bo`lib, u mamlakat turizm bozorining umumiy daromadining qariyb 90 foizini o`zida jam qiladigan turizm yo`nalishidagi barcha tashkilotlarni qamrab oladi.
Sayohat davomida germaniyalik turoperatorlarni so`nggi yillarda turizm sohasida olib borilgan islohotlar va yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirib, ular uchun Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Farg`ona viloyatlari va Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari, madaniy meros obektlari, turizm qishloqlari va oilaviy mehmon uylari bo`ylab info-turlar tashkil etiladi.
Sayohat yakunida, joriy yilning 16-may kuni germaniyalik va o`zbekistonlik turizm yo`nalishi tadbirkorlari ishtirokida “Destination Forum” anjumani va B2B uchrashuvlar tashkil etiladi.
“Destination Forum” davomida Germaniyaning eng yirik sayyohlik agentliklari va turoperatorlariga evropaliklar uchun O`zbekistonni ustuvor sayyohlik yo`nalishi sifatida tanishtirishga qaratilgan taqdimotlar o`tkaziladi.
Shu munosabat bilan, O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan mahalliy turistik tashkilotlar va turoperatorlarni 2023 yil 16 may kuni soat 09:30da “Intercontinental Tashkent” mehmonxonasida bo`lib o`tadigan Germaniyaning yirik turizm kompaniyalari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan “Destination Forum” anjumanida ishtirok etishga taklif etamiz, deyiladi xabarda.
11.05.2023 12:59
Toshkentda Germaniya va O`zbekiston turizm yo`nalishi tadbirkorlari uchun “Destination Forum” anjumani o`tkaziladi
