Jizzax viloyati G`allaorol tumanida ayoli va 5 yoshli farzandini bo`g`ib o`ldirib, yoqib yuborgan 23 yoshli yigit umrbodga qamaldi.
Voqea tumandagi Zargar qishlog`idan o`tgan Toshkent—Termiz avtomobil yo`li yoqasidagi qirlikda sodir bo`lgan. Qotillik to`g`risida xabar berilgach, IIB xodimlari holat ro`y bergan joyga kelib, o`rganish ishlarini olib borgan.
Aniqlanishicha, qotillik sodir etgan shaxs o`zidan 7 yosh katta bo`lgan, shar`iy nikohda yashab kelgan xotini hamda farzandini avval o`ldirib, so`ng yoqib yuborgan. Bunga ayolning xiyonat qilgani sabab sifatida ko`rsatilgan.
O`rganishlar davomida yigit 2000 yilda Buxoro viloyati G`ijduvon tumanida tug`ilgani, 1993 yilda tug`ilgan ayol bilan 5 yil avval tanishib, yashirincha shar`iy nikohdan o`tgani, 2017 yilda ular o`g`il farzand ko`rgani ma`lum bo`lgan. Shuningdek, 2022 yil kuz boshida ayol yana homilador bo`lgani, yigit Toshkentga ketgan vaqtida uning otasiga qo`ng`iroq qilib, haqiqatni qaynotasiga aytib bergani aniqlangan.
Shundan keyin yigit ayolini farzandi bilan Toshkentga chaqirgan. Ayolining qo`lida ko`p miqdorda pul borligini bilgan erkak uni xiyonatda ayblab, o`zaro tortishib qolgan. Bir necha kun yashagach, Buxoroga qaytmoqchi bo`lgan. Yo`lga chiqqach, kechki payt Jizzax viloyati G`allaorol tumani Zargar qishlog`idagi qirlikda tushib qolib, u erda 2 soatcha gaplashib o`tirgan. Suhbat davomida gap yana xiyonatga borib taqalgach, janjal sodir bo`lgan.
Erkak xotinini avval qo`li bilan, so`ng soch quritkich bilan bo`g`ib o`ldirgan. Farzandini olib ketmoqchi bo`lganda bola onasi bilan qolishini aytgan, shundan so`ng uni ham sumka tasmasi bilan bo`g`ib o`ldirgan. U xotini va farzandining jasadini kiyimlarga qo`shib yoqib yuborgan va Buxoroga ketgan.
Mazkur holat yuzasidan sud jarayoni bo`lib o`tdi. Unda yigit qilgan ishidan pushaymon ekanligini aytib, barchadan kechirim so`radi.
“Qilgan ishimdan pushaymonman. Yurtboshimizdan, ota-onamdan kechirim so`rayman”, — deya yig`ladi u.
Sud hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi va 134-moddasi bilan aybdor deb topilib, umrbod ozodlikdan mahrum etildi.






