2022 yilda xotin-qizlar manfaatlari himoyasining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida 27 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan
Kecha, 11 may kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo`yicha Respublika komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda oila va xotin-qizlarni tizimli qo`llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish yuzasidan qabul qilingan Prezident farmon va qarorlari, shuningdek, 2022/2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotidagi faolligini oshirish bo`yicha Milliy dasturda belgilangan vazifalar ijrosining amalga oshirilishi muhokama qilindi.
Tadbirda so`zga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboeva mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, bandliklarini ta`minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning manfaatlarini himoya qilish, turli zo`ravonliklardan asrash va boshqa dolzarb masalalarning huquqiy va institusional echimlari yo`lida muhim choralar ko`rilayotganini ta`kidladi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda ushbu yo`nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 27 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Majlisda, shuningdek, Respublika komissiyasi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ham muhokama qilindi.
Xususan, korxona, tashkilot va muassasalarda gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha maslahat kengashlarini tuzish, ularning mutaxassislarini o`qitish, xotin-qizlarni kasbga o`qitish, bandligini ta`minlash, mehnat joylarida ayollar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, hududlarning o`sish drayverlaridan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish vazifalari belgilab olindi.