O`zbekistonning bir necha viloyatlarida er maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bog`liq holatlarga chek qo`yildi. Bu haqda DXX Darakchi.uz’ga xabar berdi.
Namangan viloyatidagi tumanlardan birining fermerlar kengashi raisi tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan fuqaroning ishonchiga kirib, tumandagi mashina traktor parkining 30 sotix er maydonini mahalliy hokimlik tizimida ishlovchi mansabdor tanishi orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so`ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ta`kidlash lozimki, u muqaddam Jinoyat Kodeksinig 214-moddasi bilan sudlangan bo`lsada, o`z xatosidan to`g`ri xulosa chiqarmagan.
Boshqa bir holatda esa Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining arxitektura va qurilish bo`limi boshlig`i tanlov savdolarini o`tkazish bo`yicha viloyat komissiyasi bayonnomasiga asosan tanlov g`olibi deb topilgan xususiy korxonaga savdo do`koni qurishi uchun ajratilgan 56 kv.m er maydonida tegishli ishlarni amalga oshirishda zarur bo`ladigan hujjatlarni tayyorlashda yordam berish evaziga korxona rahbaridan 3 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan birgalikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, u so`ralgan puldan 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda O`rtachirchiq tumanidagi fermer xo`jalik rahbari mazkur xo`jalikning 80 sotix sug`oriladigan er maydonini hokimiyat va kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 320 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.
Surxondaryo viloyatining Jarqo`rg`on tumanida yashovchi, 1971 y.t. fuqaro ham o`zganing ishonchiga kirib, “Amuzang” irrigasiya tizimlari boshqarmasi balansida bo`lgan 70 sotix er maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln. so`m talab qilib, 6 ming AQSh dollari va 32 mln. so`m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






