Ijtimoiy tarmoqlarda "Andijon shahrida noma`lum odamni yongan jasadi topilganligi" haqida xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 9 may kuni Hindistondan O`zbekistonga kelgan fuqaro (1986 yilda tug`ilgan erkak) Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan 2002 yilda Hindistonda tug`ilgan talaba qizni oldiga kelib, unga turmush qurish istagida kelganligini bildirgan va institut yaqinidagi mehmonxonada yashab kelgan.
Qizdan rad javobini olganidan so`ng uning ruhiyatida o`zgarish bo`lib, Hindistonlik boshqa talabalarga endi hayotning qizig`i yo`qligi, o`z joniga qasd qilishi haqida aytib kelgan. Oqibatda "Zahiriddin Muhammad Bobur" nomidagi istirohat bog`i hududiga kiruvchi adirlikda noma`lum suyuqliq yordamida o`zini yoqib, voqea joyida vafot etgan.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki ma`lumotlariga ko`ra, marhumning tanasi va ichki a`zolarida biror bir ko`rinishdagi tan jarohatlari aniqlanmagan.
Hozirda sud-tibbiy, sud-kimyoviy va sud-biologik ekspertizalari tayinlangan.
Mazkur holat bo`yicha JKning 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






