Mashina haydovchilari va holatni tasvirga olganlar ma`muriy javobgarlikka tortildi.
Sal avval, ijtimoiy tarmoqda bir nechta yigitlar mashinalardan tanalarini chiqarib, guruh bo`lib harakatlangani aks etgan video tarqalgandi. Andijon viloyati IIB Matbuot xizmati xabar qilishicha, holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilib, mazkur harakatlarni sodir etganlarning shaxsiga aniqlik kiritilgan.
“Mashinalarda guruh-guruh bo`lib harakatlandik. Mahallamizda to`y bo`lgandi. Shu kortejda qatnashgandik. Men mashinani boshqardim, jiyanim tanasini mashinadan chiqarib oldi. Qilgan ishimdan pushaymonman”, - deydi huquqbuzarlardan biri.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan MJtKning tegishli moddalari bilan bayonnomalar rasmiylashtirilib, avtomashinalar jarima maydonchasiga qo`yilgan.






