Buxoroga yangi 100 ta avtobus va mikroavtobuslar olib kelinadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Buxoro viloyatida 265 ta yo`lovchi tashish yo`nalishlarida 2188 ta transport vositalari yo`lovchilarga xizmat ko`rsatib kelmoqda. Hozirda viloyat aholisining jamoat transportidan foydalanish darajasi 19 foizni tashkil etib, aholiga ko`rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, yo`lovchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratish, shahar jamoat transporti tizimini takomillashtirish bo`yicha zarur choralar ko`rilmoqda.
Joriy yilda viloyatga 100 ta avtobus va mikroavtobus olib kelinishi rejalashtirilgan. Ayni damda transport vositalarining dastlabki 30 donasini olib kelish bo`yicha tegishli shartnomalar tuzilgan.
Xususan, Shofirkon tumanida faoliyat ko`rsatuvchi “Oq yo`l plus” MChJ tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan King Long rusumli mikroavtobuslardan 6 tasi olib kelindi, yana 9 tasi olib kelinishi rejalashtirilgan. Yangi mikroavtobuslar Shofirkon – Buxoro yo`nalishidagi qatnovlarga biriktirildi.






