Hindiston yo`tal siroplari, shu jumladan eksport uchun mo`ljallangan mahsulotlar sifatini majburiy nazorat qilishni joriy qiladi.
Mahalliy farmasevtika kompaniyalari davlat laboratoriyalarida tadqiqot o`tkazishi kerak bo`ladi, deya xabar bermoqda “TASS” mamlakat tashqi savdo bosh boshqarmasi buyrug`iga tayanib.
“Yo`tal siropi eksportiga 2023 yil 1 iyundan boshlab eksport namunalari sinovdan o`tkazilgan va ayrim davlat laboratoriyalarida sertifikat olingan holda ruxsat etiladi”, — deyiladi hujjatda.
Gambiya va O`zbekistonda Hindistonda ishlab chiqarilgan dori-darmonlarni qabul qilgan o`nlab bolalar o`limidan so`ng rasmiylar bunday qarorga kelgan.
Yil davomida Hindiston 17,6 milliard dollarlik yo`tal siroplarini eksport qildi. Dori vositalari Afrika mamlakatlari, BAA, Buyuk Britaniya, Nepal va boshqa mamlakatlarga etkazib berilmoqda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda "Dok-1 Maks" siropini ichish natijasida bolalar o`limi kuzatilgan so`ng aybdorlarni aniqlash, ularni javobgarlikka tortish va bunday holatlarning oldini olish choralari ko`rilmoqda. Jumladan, "Quramax Medikal" kompaniyasining O`zbekistonda farmasevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan lisenziyasi sud tartibida bekor qilindi, yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib tashlash va ularni yo`q qilish to`g`risidagi talab qanoatlantirildi.
Sog`liqni saqlash vazirligi aholi salomatligini muhofaza qilish va boshqa dori vositalarini qo`shimcha tekshirish maqsadida 2022 yilda "Quramax Medical" tomonidan olib kirilgan barcha dori vositalari sotuvini to`xtatdi . Bular 36 turdagi dorilar bo`lib, ular ichiga "Dok-1 Maks", "Nolgripp" siroplari, "Travamaks" tabletkalari va eritma uchun granulalari kiradi.
Joriy yilning mart oyida Hindistonning 20 shtatida bolalarning ommaviy o`limi haqidagi xabarlar fonida tekshiruvlar o`tkazildi. 18 ta farmasevtika korxonasining lisenziyasi bekor qilindi.






