1

Qozog`istonda poraxo`r amaldorlardan olingan pullarga 60 dan ortiq maktab quriladi

Dunyo 24.05.2023, 21:49
Qozog`istonda poraxo`r amaldorlardan olingan pullarga 60 dan ortiq maktab quriladi

Qozog`istonda poraxo`r amaldorlar puliga 62 ta maktab quriladi. Mamlakat ta`lim vaziri G`ani Beysembaev tegishli qarorni imzolagan. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, davlat rahbari topshirig`i bilan korrupsiyaga oid jinoiy ishlar bo`yicha olib qo`yilgan mablag`lar Ta`lim infratuzilmasini qo`llab-quvvatlash jamg`armasiga yuboriladi. Ayni damda maxsus hisobvaraqda 120 milliard tenge (269,5 million dollar)ga yaqin mablag` jamg`arilgan bo`lib, bu mablag` maktablarni qurish va ta`mirlashga yo`naltiriladi.

Ayni paytda 62 ta maktab qurish va mavjudlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Ularni qurish uchun 96 milliard 495 million tenge (216,7 million dollar) ajratish maqsad qilingan.

Eng ko`p maktab Ostona shahri va Olmaota viloyatlarida quriladi. Ostonada 7425 o`rinli 10 ta, Olmaota viloyatida esa 11 550 o`rin uchun 10 ta maktab qurilishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, Turkiston viloyatida 2050 o`rinli 9 ta, Jambil viloyatida 2850 o`rinli 6 ta, Qizilo`rdada 2175 o`rinli 5 ta, Mang`istov viloyatida 4800 o`rinli 4 ta maktab quriladi. Qozog`istonning boshqa hududlari kesimida ham minglab o`quvchilarga mo`ljallangan o`ndan ortiq maktablar quriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1