Ijtimoiy tarmoqlarda Farg`ona viloyatida ekspertizaning engil tan jarohati xulosasidan norozi bo`lgan fuqaro haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2023 yilda 21 aprel kuni fuqaro B.T. Quva tumani Begat qishlog`i markazida fuqaro A.A. bilan kelishmovchilik sababli janjallashib, B.T. yonidagi oshxona pichog`i bilan A.A.ning o`ng va chap son hamda qorin qismiga qasddan urib tan jarohati etkazgan.
Tuman tibbiyot bo`limining dastlabki xulosasiga asosan tuman IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “m” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Tayinlangan sudga oid ekspertiza xulosasida janjalga aralashgan 4 nafar fuqarolarda 6 kundan ko`p davom etmaydigan, fuqaro A.A.da qorin, ko`krak, o`ng va chap son, yonbosh sohalarida kesilgan yaralar aniqlanib, 21 kundan ko`p bo`lmagan muddatga sog`lig`ini buzilishiga sabab bo`luvchi engil tan jarohatlari ko`rsatilgan.
Fuqaro A.A ekspertning mazkur xulosasiga e`tiroz bildirganligi sababli Sudga oid qayta tibbiy ekspertiza tayinlanib ijro etishlik uchun Andijon viloyatiga yuborilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.