Avval xabar berganimizdek, ayni paytda tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o`n birinchi s`ezdi bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda O`zbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev kelgusida tibbiyot sohasida qilinishi kutilayotgan o`zgarishlar haqida gapirdi. Unga ko`ra, yurtimizda o`rtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga etkazish bo`yicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.
Bunda quyidagilar rejalashtirilmoqda:
- 120 ming nafar onkologiya, 350 ming nafar diabet, 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to`liq qamrab olish;
- “Gepatit S” kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolashni yo`lga qo`yish;
- “tuberkulyoz” bilan kasallanish darajasini yuz ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirish (2016-yilda 43 nafar bo`lgan).
- Kelgusi yildan birlamchi bo`g`in orqali eng ko`p uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paket aholiga bepul taqdim etiladi.
- Onkologik bemorlar hayotini saqlab qolish maqsadida, mamlakatimizda ilk bor o`zak hujayralarini transplantasiya qilish yo`lga qo`yiladi. Bu boradagi xarajatlar ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun to`liq davlat hisobidan qoplanadi.
- Sog`liqni saqlash tizimi to`liq raqamlashtiriladi va tibbiy sug`urta tizimi joriy qilinadi.






