O‘zLiDePning XI s`ezdida Shavkat Mirziyoev beshta strategik maqsaddan iborat saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Dasturdagi ikkinchi maqsad — odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o`sishni ta`minlash.
2030 yilga borib:
- iqtisodiyot 2 barobarga oshirilib, 160 milliard dollarga etkaziladi;
- aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshiriladi. Buning natijasida, O`zbekiston «daromadi o`rtachadan yuqori bo`lgan davlatlar» qatoriga kiradi. Eng avvalo, ilg`or texnologiyalarga asoslangan sanoat rivojlantiriladi. Bunda, mehnat unumdorligi 2 barobar oshadi (hozir bir ishchiga 12,5 ming dollar mahsulot to`g`ri keladi).
Ikkinchi maqsad doirasida, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan birga, umumiy qiymati 115 milliard dollar bo`lgan yirik loyihalar boshlandi. Jumladan, keyingi yillarda strategik mega-loyihalar ishga tushiriladi. Xususan:
- Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi;
- Ohangaron misni qayta ishlash klasteri;
- Navoiy, Qo`ng`irot va Qorako`lda yirik kimyo-polimer klasterlari;
- Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xom ashyosidan yuqori qo`shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi;
- Tebinbuloq va G`allaorolda temir ishlab chiqarish majmualari ish boshlaydi.
Natijada, 2030 yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo`lgan mis ishlab chiqarish — 3,5 barobar (500 ming tonnaga), oltin — 1,5 karra (155 tonna), kumush — 3 marta (500 tonna), uran — 3 barobar (10 ming tonna) oshiriladi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor alyuminiy, litiy, po`lat, grafit ishlab chiqarish boshlanadi.






