AsosiyJamiyat

Butunjahon turizm tashkilotining 25-yubiley sessiyasi Samarqandda o`tkaziladi

'Butunjahon turizm tashkilotining 25-yubiley sessiyasi Samarqandda o`tkaziladi'ning rasmi

Joriy yilning 29 may kuni 16–20 oktyabr kunlari Samarqandda bo`lib o`tadigan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga tayyorgarlik ko`rish masalalarini muhokama qilish maqsadida O`zbekiston tomonidan tashkiliy qo`mita o`rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi Madridga tashrif buyurdi. 

Tashrif davomida Aziz Abduhakimov UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili va bo`lajak Bosh Assambleyaning asosiy tadbirlari va yordamchi tadbirlarini o`tkazish uchun mas`ul ishchi guruhlar a`zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tadbirlarning dastlabki dasturi, tashkiliy masalalar, yalpi va sessiya majlislari uchun taklif etilayotgan kun tartibi va reglamenti atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, tadbir doirasida Investisiya forumi, Ta`lim bo`yicha vazirlar paneli sessiyasi, “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” turizm forumi, ekoturizm festivali, eng yaxshi “sayyohlik qishloqlari”ni taqdirlash marosimi va boshqa tadbirlar o`tkazilishi rejalashtirilganligi qayd etildi.

Qolaversa, UNWTO Bosh kotibi Z.Pololikashvilining 2022 yil noyabr oyida O`zbekistonga tashrifi chog`ida Respublika hukumati tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi, jumladan, Samarqand shahrida UNWTO Xalqaro turizm akademiyasining ochilishi, YuNVTOning Samarqand shahridagi “Ipak yo`li” hududiy tematik ofisi, “Ipak yo`li” xalqaro turizm mukofotini ta`sis etish va bir qator boshqa masalalar borasida ham fikr yuritildi.

Samarqand shahrida bo`lib o`tadigan Bosh Assambleyadan jahon hamjamiyatini maksimal darajada xabardor qilish maqsadida joriy yilning iyun va oktyabr oylarida jahon ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bir qator press-turlar tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Z.Pololikashvili UNWTO O`zbekistonda bo`lib o`tadigan Bosh Assambleya mamlakat va jahon turizm sanoatida tarixiy voqea bo`lishi uchun barcha ishni qilishini ta`kidladi.

Shu munosabat bilan UNWTO bilan birgalikda mazkur tadbirlarga nafaqat UNWTOga a`zo 150 ga yaqin davlatning rasmiy delegasiyalari, balki xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yirik sayyohlik kompaniyalari direktorlari va investorlarni ham jalb etish bo`yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Uchrashuv yakunlari bo`yicha UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini Samarqand shahrida o`tkazish to`g`risidagi Bitim imzolandi, uni O`zbekiston Respublikasi nomidan UNWTO Bosh Assambleyasini Samarqand shahrida o`tkazish bo`yicha tashkiliy qo`mita o`rinbosari Aziz Abduhakimov va UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili imzoladi.

    Boshqa yangiliklar