AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida tergovga jalb qilingan fuqaro kasalxonada vafot etdi. IIB ikki xodimi qo`lga oligan

'Toshkent viloyatida tergovga jalb qilingan fuqaro kasalxonada vafot etdi. IIB ikki xodimi qo`lga oligan'ning rasmi

Toshkent viloyati  Bo`ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan fuqaro kasalxonada vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati xabar berdi. 

Joriy yilning 4 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko`ra, Toshkent viloyati Bo`ka tumani hududida bir qator o`g`irlik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, JKning 169-moddasi 3-qismi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 1987 yilda tug`ilgan U.S. himoyachisi X.Yuldasheva ishtirokida Bo`ka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga to`liq yozib olingan holda so`roq qilingan.

Gumonlanuvchi U.S. soat 19.00da JPKning 227-moddasi bilan prosessual tartibda ushlangan va Bo`ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan.

Shu kuni soat 23.30larda gumonlanuvchi U.S.ning sog`lig`i yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirining o`rinbosari Ya.Abdulxakov, IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib vaziyat o`rganildi, voqea joyi ko`zdan kechirilib, ishga aloqador xodimlarning ko`rsatmalari olindi.

Aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22.00larda gumonlanuvchi U.S. Bo`ka tumani Jinoyat qidiruv bo`limining tezkor xodimlari tomonidan prosessual tartib buzilgan tarzda maxsus so`rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo`yicha surishtiruv o`tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog`lig`i yomonlashib, keyinchalik o`limi yuz bergan.

Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko`ra U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, voqeaga aloqador bo`lgan 2 nafar tezkor xodimlar J.D. va G`.Sh.lar hibsga olingan.

Xolis tergov va tekshiruvni ta`minlash maqsadida, Ichki ishlar vazirining buyrug`i bilan xizmat vazifasiga mas`uliyatsizlik bilan yondashgan Bo`ka tumani IIB boshlig`i A.Babaxanov, uning birinchi o`rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo`limi rahbari J.Subanov, tergov bo`limi boshlig`i J.Achilov, shuningdek navbatchilik qismi mas`uli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador bo`lgan tezkor xodimlar J.D. va G`.Sh.lar ichki ishlar organlari tizimidan bo`shatildi.

Shuningdek, Vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB mas`ul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Qonunchilikka muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarlik xatti-harakatlariga huquqiy baho berish prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda barcha materiallar prokuratura organlariga to`liq taqdim etiladi va holatga xolisona baho berish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilinadi.

Hozirda ishga aloqador tezkor xodimlar o`z jinoiy qilmishlarini rad etayotgan bo`lsalarda, marhum U.S. tanasida tan jarohatlari borligini hisobga olib prokuratura tomonidan qo`shimcha gistologik (ichki organlar va to`qimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash bo`yicha) ekspertizasi tayinlangan. Mazkur ekspertiza ma`lum muddat talab qiladi va uning xulosasi va to`plangan dalillar bo`yicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi ko`rib chiqiladi.

Shu o`rinda alohida ta`kidlaymizki, Ichki ishlar vazirligi insonning sha`ni va qadr-qimmati daxlsizligini ta`minlanishiga so`zsiz javobgardir. Shaxsga nisbatan qiynoq qo`llanilishi, zo`ravonlik yoki boshqa tarzda g`ayriinsoniy munosabatda bo`lishi vazirlik tomonidan qattiq qoralanadi va bunga yo`l qo`ygan barcha xodimlar qonun oldida qat`iy javob beradi.

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog`liq vaziyatda fuqaro U.S.ning vafot etganligi munosabati bilan cheksiz taassufda ekanligini bildiradi va marhumning oila a`zolari hamda yaqinlariga chuqur ta`ziya izhor etadi.

Hozirda, Ichki ishlar vazirligi va Toshkent viloyati IIBB rahbariyati marhumning yaqinlari bilan hamdard bo`lib, ijtimoiy masalalariga ko`maklashmoqdalar.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qonuniylikka va insoniylikka zid harakatlar jamoatchilik tomonidan keskin e`tirozlarga sabab bo`lishini to`liq anglaymiz, lekin shu bilan birga, ichki ishlar organlari sha`niga dog` tushirgan xodimlarning harakatlari ortidan boshqa, o`z xizmatini vijdonan va sadoqat bilan bajarayotgan xodimlarni obro`sizlantirishga yo`l qo`yilmasligiga ishonamiz.

    Boshqa yangiliklar