Jizzax viloyati IIB Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, joriy yilning 3 iyunga o`tar kechasi G`allaorol tumani hududidagi "Sangzor-15" yo`l-patrul xizmati maskanida Qashqadaryo-Toshkent yo`nalishida shubhali harakatlangan “Cobalt” to`xtatilib, viloyat IIB JXX JTSB karantin tadbirlarini ta`minlash guruhi xodimlari tomonidan tekshirilgan.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Chappari qishlog`ida yashovchi 1982 yilda tug`ilgan E.T. fuqaro boshqaruvidagi avtoulovni ko`zdan kechirish chog`ida yukxona va salonida go`sht mahsulotlari veterinariya-sanitariya qoidalariga zid ravishda olib ketilayotgani aniqlangan.
Ma`lum qilinishicha, haydovchi ushbu go`sht mahsulotlariga oid hech qanday hujjatni taqdim eta olmagan.
Ammo E.T. go`shtni Qashqadaryo viloyatidan Toshkent shahriga sotish maqsadida olib ketayotganini ma`lum qilgan.
Tadbir jarayonida soha xodimlari tomonidan jami 820 kilogramm go`sht mahsulotlari hujjatlashtirib olingan.
Uning iste`molga yaroqliligini tekshirish maqsadida vaqtincha muzxonaga joylashtirilgan.
Biroq laboratoriya tekshiruvida go`sht mahsulotining iste`molga yaroqsizligi oydinlashdi.
Shundan so`ng ushbu go`sht mahsuloti tegishli tartibda yoqib yo`q qilindi, deyiladi xabarda.






